Bugun Masharipov Ronalduga qarshi maydonga tushadi
Sport
−
10 mart
9986Bugun, 10 mart kuni Elit Osiyo Chempionlar ligasi turniri javob uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. “Al-Nasr”-“Istiqlol”, “Al-Sadd”-“Al-Vasl” o‘yinlari bugungi kun tartibidan o‘rin olgan.
Sobiq jamoadoshlar endi o‘zaro raqib, yoxud Masharipov Ronalduga qarshi
Hozirgi kunda Eronning “Istiqlol” jamoasida to‘p tepayotgan o‘zbekistonlik futbolchi Jaloliddin Masharipov Elit Osiyo Chempionlar ligasi turniri 1/8 final bosqichi javob o‘yinida sobiq klubi Saudiyaning “Al-Nasr” klubiga qarshi maydonga tushadi. Masharipov 2021 yildan 2023 yilga qadar “Al-Nasr”da faoliyat olib borgan. Klub safida 40 ta o‘yinda maydonga tushib, 2 ta gol urgan. 2023 yilda jamoa rahbarlari dunyoni larzaga solgan o‘sha mashhur transferni amalga oshirdi. Albatta, bu Krishtianu Ronaldu, portugaliyalik mega yulduz klubga kelishi bilan Masharipov unga 7-raqamini bergandi. Shunga qaramasdan o‘zbekistonlik futbolchi Ronaldu bilan bir jamoada bir nechta o‘yinlarni o‘tkazdi. Keyin u Saudiya klubini tark etishga qaror qildi. 2023 yilda bir muddat Gretsiyaning “Panserraykos” jamoasida to‘p tepgan futbolchi shu yilning oxirida Eronning “Istiqlol”iga ko‘chib o‘tdi. Forslar tarkibida u 2024 yilda Elit Osiyo Chempionlar ligasi turniri doirasida “Al-Nasr”ga qarshi maydonga tushdi. Ushbu bahsda saudiyaliklar safida Krishtianu Ronaldu ham asosiy tarkibda harakat qildi. Bugun ham har ikki futbolchi yana o‘zaro raqib sifatida maydonga tushadi.
2025 yilning 3 mart kunida Eronda ushbu jamoalar ilk uchrashuvni o‘tkazdi va unda hisob ochilmadi. Javob o‘yinida favorit “Al-Nasr”. Birinchidan, jamoa o‘z uyida, muxlislari qarshisida o‘ynaydi. Ikkinchidan, tarkiblar jihatidan ham ikki jamoa o‘rtasidagi farq sezilarli darajada katta. Uchinchidan, dastlabki bahsda saudiyaliklar safida Krishtianu Ronaldu Eronga bormagan va o‘yinda ishtirok etmagandi. Bugun u jamoasiga yordam bera oladi.
Ikki jamoaning yagona umidi OCHL
“Al-Nasr” bu mavsum yutishi mumkin bo‘lgan yagona sovrin bu Elit Osiyo Chempionlar ligasi kubogi. Sababi klub Saudiya chempionatida g‘oliblik poygasidan allaqachon chiqib ketgan. Saudiya Qirol kubogida esa “Al-Tavon”ga mag‘lub bo‘lib, turnirni erta tark etgan. Stefano Pioli qo‘l ostidagi klubning bor e’tibori Elit Osiyo Chempionlar ligasi turniriga qaratilgan. Albatta, Ronaldu ham jamoadagi ilk yirik sovrini uchun jiddiy kurashga kirishgan.
“Istiqlol” esa joriy mavsum Eron chempionatida 21 turdan so‘ng 26 ochko jamg‘arib, 10-o‘rinda bormoqda. Kubokda esa jamoa 1/8 finalda “Shams Azar Qazvin” klubini mag‘lub etgan va chorak finalga yo‘l oldi. Ammo jamoa baribir ham asosiy e’tiborini mamlakat kubogidan-da yuqori turadigan Elit Osiyo Chempionlar ligasiga qaratishi tayin. “Istiqlol” tarkibini ancha kuchaytirib ham oldi. Klub o‘tgan mavsumni Samarqandning “Dinamo”sida o‘tkazgan Qirg‘iziston terma jamoasi yetakchisi Joel Kojoni safiga qo‘shib oldi. Forslar bugungi javob o‘yinida ham Saudiya klubiga jiddiy qarshilik ko‘rsatishi aniq.
Ma’lumot o‘rnida, “Al-Nasr”-“Istiqlol” o‘rtasidagi javob o‘yini bugun, 10 mart kuni Toshkent vaqti bilan 23:00 da start oladi.
LiveBarchasi