2020 yilgi qo‘shimcha dam olish kunlari belgilandi
Jamiyat
−
15 noyabr 2019
22850O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2020 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
2020 yilda fuqarolarning rasmiy sanalarni nishonlash davrida to‘liq dam olishi uchun shart-sharoitlar yaratish, dam olish va bayram kunlaridan oqilona foydalanishini ta’minlash maqsadida:
1. 2020 yilda 23 mart – dushanba qo‘shimcha dam olish kuni etib belgilansin.
2. 2020 yilda quyidagi dam olish kunlari ko‘chirilsin:
• 4 yanvar – shanba 2 yanvar – payshanbaga;
• 29 avgust – shanba 31 avgust – dushanbaga.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
• 2020 yil 2 yanvar payshanba va 2020 yil 31 avgust dushanba kuni barcha xodimlar uchun ish haftasining turidan qat’i nazar, dam olish kuni hisoblanadi;
• byudjet tashkilotlarida ushbu Farmonning 1-bandida belgilangan qo‘shimcha dam olish kuni har yilgi mehnat ta’tilining davomiyligini bir ish kuniga qisqartirish hisobiga qoplanadi;
• har yilgi mehnat ta’tili davrida saqlanadigan o‘rtacha oylik ish haqi miqdorini hisoblashda mehnat ta’tilining amaldagi davomiyligi hisobga olinadi, unga ushbu Farmonda belgilangan qo‘shimcha dam olish kuni qo‘shiladi;
• har yillik mehnat ta’tilining davomiyligi qisqartirish hisobga olingan holda o‘n besh ish kunidan kam bo‘lmasligi kerak;
• byudjet tashkiloti hisoblanmagan tashkilotlarda ushbu Farmonning 1-bandiga muvofiq qo‘shimcha dam olish kuni mehnat ta’tiliga qo‘shimcha boshqa kunlar bilan bir qatorda moliyaviy imkoniyatlardan kelib chiqqan holda, jamoa shartnomalari yoki ish beruvchilar tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitalari bilan kelishib qabul qilinadigan boshqa lokal normativ hujjatlarda belgilanadi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, “Uzbekistan Airways” AJ va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bayram (ishlanmaydigan) kunlarning uzaytirilishini hisobga olgan holda, respublika aholisi uchun ichki turizm va faol dam olish yo‘nalishlarini, transport va mehmonxona xizmatlari uchun chegirmalar berilishini hamda aksiyalar o‘tkazilishini tashkil etsin.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari:
• aholining uzaytirilgan bayram (ishlanmaydigan) kunlarida maroqli va foydali dam olishini tashkil etish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rsin;
• O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda bayram kunlari o‘tkaziladigan tadbirlar to‘g‘risida aholini keng xabardor qilishni ta’minlasin.
6. O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashiga:
• mehnat jamoalari o‘rtasida ushbu Farmonning maqsadi, mazmun-mohiyati to‘g‘risida tushuntirish ishlarini tashkil etish;
• uzaytirilgan bayram kunlarida xodimlar va ularning oila a’zolarining maroqli dam olishini ta’minlash yuzasidan kasaba uyushmalari tashkilotlarining ishini faollashtirish tavsiya etilsin.
7. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahri, 2019 yil 14 noyabr
LiveBarchasi