Bugun Kisida Zelenskiy bilan uchrashadi
Olam
−
21 mart 2023
4603Bugun, 21 mart kuni Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida Ukrainaga tashrif buyurib, Prezident Vladimir Zelenskiy bilan uchrashadi. Bu haqda hukumatdagi manbalarga tayanib, NHK telekanali xabar berdi.
Telekanal Yaponiya hukumati rahbarining Polsha-Ukraina chegarasidagi Pshemisl temir yo‘l vokzalida poyezdga o‘tirgani aks etgan kadrlarni namoyish etgan. Poyezd mahalliy vaqt bilan taxminan 01:30da Ukraina yo‘nalishi bo‘yicha jo‘nab ketgan. U yerdan Kiyevgacha poyezda taxminan 10 soatda yetib olish mumkin.
Ta’kidlash joizki, bu Kisidaning Ukrainaga Rossiya bosqini boshlanganidan beri birinchi tashrifi. U G7 davlatlari yetakchilarining Ukrainaga bormagan yagona vakili bo‘lib turgan edi. U Yaponiya parlamentidagi muhokamalar chog‘ida joriy yilning may oyida Xirosimada bo‘lib o‘tadigan G7 mamlakatlari sammiti ishtirokchilari Rossiyaning yadro qurolidan foydalanishi tahdidlari va ehtimoliga qarshi turishi kerakligini aytgan. Shuningdek, Kisida xalqaro hamjamiyatga G7 ning qonun ustuvorligiga asoslangan jahon tartibini himoya qilishga tayyorligini namoyish etishni intiqlik bilan kutayotganini qo‘shimcha qilgan.
Eslatib o‘tamiz, olinroq Kisida Hindistonda bo‘lgan va Bosh vazir Narendra Modini G7 sammitiga taklif qilgan edi. Bungacha u Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sek Yolni ham sammitda ishtirok etishga taklif qilgandi. Ukraina tomoni Prezident Vladimir Zelenskiyning ishtirok etishidan manfaatdor ekanligini bildirgan, biroq Kisida va boshqa yapon rasmiylari bu masala bo‘yicha hozircha hech qanday qaror qabul qilinmaganini ta’kidlab kelardi.
LiveBarchasi