Bugun Husanov “Manchester Siti”dagi ilk sovrini uchun ishga kirishadi

Sport

image

Angliya Premer ligasida chempionlik poygasidan deyarli chiqib ketgan Chempionlar ligasida ham “Real”ga imkoniyatni boy berib, turnirni tark etgan “Manchester Siti” bu mavsumda qo‘lga kiritishi mumkin bo‘lgan sovrin bu Angliya kubogi hisoblanadi. Gvardiola shogirdlari bugun, 1 mart kuni Angliya kubogi 1/16 final bosqichida o‘z uyida “Plimut”ni qabul qiladi. Ushbu jamoa 1/32 final bosqichida katta shov-shuv ko‘targan klub hisoblanadi. Sababi “Plimut” ushbu bosqichda Angliya Premer-ligasi peshqadami “Liverpul”ni turnirdan chiqarib yuborgan.

Husanov asosiy tarkibda tushadimi?

So‘nggi o‘yinlarda muxlis va mutaxassislar ishonchini qozonib kelayotgan o‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanov murabbiy Gvardiolaning ham ishonchiga kirib olgan. Jamoa mag‘lub bo‘lgan o‘yinlarda ham Husanov klubining eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘ldi. Uning tezligi, yelkama-yelka kurashlardagi keskinligi, o‘ta keskin, ammo folsiz “podkat”lari jamoaga foyda keltirsa keltirdi, lekin zarar qilmadi.

Shuningdek, Husanov himoyaning istalgan pozitsiyasida birdek o‘ynay olishini ham isbotlab kelmoqda. U Chempionlar ligasi doirasida “Real”ga qarshi o‘yinda o‘ng qanot himoyadan o‘rin oldi va Vinisiusni ancha qiynadi. Braziliyalik bilan tezlikda ham kuch sinashishga ulgurdi.

Markaziy himoyada ham u ancha ishonchli o‘yin namoyish etmoqda. Hattoki “Chelsi”ga qarshi omadsiz debyutida ham u o‘yin davomida qilgan xatosini bir necha marta yuvishga ulgurdi. Himoyadagi yo‘qotishlar fonida Abduqodir Husanov ishonchli o‘yin namoyish etayotgani Gvardiolaning omadi. Chunki “Manchester Siti”ning asosiy himoyachilari Manuel Akanji va Jon Stounz uzoq muddatga safdan chiqdi. Husanov esa ularning yo‘qligini maksimal bilintirmaslikka harakat qilmoqda.

Taxminiy tarkiblar

Odatga ko‘ra, har o‘yindan oldin o‘zining taxminiy tarkiblarini e’lon qiladigan “Sporting News”, “One Football”, “90 Min” nashrlari “Manchester Siti” - “Plimut” uchrashuvi uchun ham o‘z taxminlarini bildirdi.

“Sporting News” talqiniga ko‘ra taxminiy tarkiblar.

“Manchester Siti”: Ortega, Lyuis, Reys, Ake, O'reyli, Bernardu, Gyundogan, Maketi, De Bryuyne, Grilish, Xoland.

“One Football” talqiniga ko‘ra taxminiy tarkiblar.

“Manchester Siti”: Ortega, Lyuis, Reys, Diash, O'reyli, Niko, Savino, Maketi, De Bryuyne, Grilish, Xoland.

“90 Min” talqiniga ko‘ra taxminiy tarkiblar.

“Manchester Siti”: Ortega, Lyuis, Reys, Ake, O'reyli, Bernardu, Gyundogan, Foden, De Bryuyne, Grilish, Marmush.

Yuqoridagi 3 ta nashr ham o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanovni asosiy tarkibga kiritmagan. Uning o‘rniga himoya markaziga braziliyalik futbolchi Vitor Reys tanlangan. Buni esa shuncha qiyin o‘yinlardan keyin Husanovga dam berilishi kerak deb tushunsa bo‘ladi. Shu bilan Gvardiola Vitor Reysning potensiali qanchalik yuqori ekanligini bilib olishi mumkin.

Ma’lumot o‘rnida, “Manchester Siti” - “Plimut” o‘yini bugun, 1 mart kuni 22:45 da start oladi.


Maqola muallifi

Teglar

Manchester Siti Abduqodir Husanov Angliya kubogi Plimut

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing