Bugun Husanov debyut qilishi mumkin

Sport

image

Bugun, 25 yanvar kuni Angliya Premer ligasi 23-tur o‘yinlariga start beriladi. Ushbu turda futbol muxlislarini bitta markaziy o‘yin kutib turibdi. “Manchester Siti” o‘z maydonida “Chelsi”ni qabul qiladi. Shuningdek, peshqadamlar safida kelayotgan “Arsenal” mehmonda “Vulverxempton”ga qarshi o‘ynaydi. Turnir jadvalini boshqarib kelayotgan “Liverpul” esa “Ipsvich”ni imtihondan o‘tkazadi. 

Husanovning debyuti kutilayotgan o‘yin

Pep Gvardiola boshchiligidagi “Manchester Siti” 2024 yilning oxirini o‘ta muvaffaqiyatsiz o‘tkazdi va APL turnir jadvalida ancha pastladi. Ketma-ket mag‘lubiyatlar, jamoadagi yo‘qotishlar sabab, klub o‘tgan mavsumdagi yorqin o‘yinlarini namoyish etolmayapti.  Jamoa ayni damga kelib, turnir jadvalida 22 ta o‘yinda 11 g‘alaba, 5 mag‘lubiyat va 6 durang qayd etib, 38 ochko bilan 5-o‘rinda kelmoqda. “Chelsi” esa 40 ochko jamg‘arib, 4-o‘rinni qayd etmoqda. Albatta, bu uchrashuvning markaziyligi va muhimlik darajasini hisobga olib, bugun “Manchester Siti” tarkibida o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov debyut bahsini o‘tkazish ehtimoli katta. Sababi, klub tarkibidagi yo‘qotishlar. Ayni damga kelib, markaziy himoyachilar Natan Ake, Jon Stounz va Ruben Diash lazaretda, ya’ni jarohat olib, nafaqat bugungi, balki oldindagi bir nechta o‘yinlarni o‘tkazib yuboradi.

Mana shunday katta yo‘qotishlar o‘rnini esa katta o‘yinlar tajribasiga ega bo‘lgan futbolchilar bilan to‘ldirish kerak. Asosiy tarkibga asosiy nomzod bu o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov. Chunki u “Lans” tarkibida Fransiya chempionati yetakchilari PSJ, “Marsel”, “Lion” kabi jamoalarga qarshi, o‘tgan mavsumda esa Chempionlar ligasi doirasida “Arsenal”ga qarshi o‘yinda o‘ziga yetarlicha tajriba orttirib oldi. Jamoa murabbiyi Pep Gvardiola ham Husanov “Chelsi”ga qarshi o‘yinga tayyorligini bildirgan. 

Uchrashuv uchun taxminiy tarkiblar

“Manchester Siti” va “Chelsi” o‘yini uchun “Opta” nashri quyidagicha taxminiy tarkiblarni e’lon qilgan.

“Manchester Siti”: Ortega Moreno, Lyuis, Husanov, Akanji, Gvardiol, De Brbyne, Kovachich, Gyundogan, Grilish, Foden, Xoland.

“Chelsi”: Sanches, Jeyms, Chaloba, Adarabioyo, Kukurelya, Dyusbyuri Xoll, Kaysedo, Madueke, Netu, Palmer, Jekson.

Natijaning muhimligi

Bugungi o‘yinda u yoki bu jamoaning g‘alabasining turnir jadvaliga ta’siri haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, agar “Manchester Siti” bugungi uchrashuvda g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, ochkosini 41 taga yetkazadi va “Chelsi”ni ortda qoldirib, 4-o‘ringa ko‘tarilib oladi va chempionlik kurashiga qaytadi. Bu esa nafaqat Gvardiola, balki Husanov uchun ham foydali bo‘ladi. Chunki debyut o‘yindagi g‘alaba futbolchiga ulkan ishonch bag‘ishlaydi.

Agar “Chelsi” g‘olib bo‘lsa, ochkolarini 43 taga yetkazib, nafaqat “Manchester Siti” bilan ochkolardagi tafovutni oshirib oladi, balki chempionlik uchun ham dadil qadam tashlaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Chelsi Angliya Prem'er ligasi Abduqodir Husanov Mancheseter Siti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing