Bug‘doy birjada sotilsa, “buxanka”ning narxi qanchaga oshadi?

Intervyu

image
0:00
0:00
download

Bug‘doyning birjada sotilishi ortidan narxlarning erkinlashishi sabab qolipli non (buxanka) narxi hozirgi 1600 so‘mdan 2800 so‘mgacha ko‘tarilishi mumkin. Bu haqda bugun, 30 may kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Moliya vazirligi departament mudiri To‘lqin Mirzayev ma’lum qildi, deb xabar bermoqda QALAMPIR.UZ muxbiri.

“Prognozlarimiz bo‘yicha, hozir bug‘doyning ichki bozordagi sotib olish narxi 3 mln atrofida bo‘lishini kutyapmiz. Agar, 3 mln atrofida bo‘lsa, qolipli non narxi  Toshkent shahridan boshqa joylardagi narxlar darajasidan oshib ketmaydi. Masalan, bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Xorazmda bir qolipli nonning narxi 2 800 so‘mgacha sotilmoqda. Agar, bug‘doyning narxi 3 mln atrofida bo‘lsa, qolipli nonning narxi 2800 so‘mdan, ya’ni bozordagi narxdan oshib ketmaydi demoqchiman”, deydi Moliya vazirligi departament mudiri QALAMPIR.UZ muxbirining savoliga javoban.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 11 may kuni o‘tkazilgan don mahsulotlari korxonalarida transformatsiya jarayonlarining natijadorligini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilishda fermer va klasterlar o‘zi yetishtirgan g‘allani 1 iyuldan boshlab birjada sotishni boshlashi haqida ko‘rsatma bergandi.

Moliya vazirligi vakilining ta’kidlashicha, O‘zbekistonda bug‘doyning birjada sotilishi narxlarning barqarorlashishiga va kelgusida pasayishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, Ukrainadagi vaziyat tufayli birdan ikki eng asosiy bug‘doy yetkazib beruvchi xalqaro bozordan uzilib qoldi. Ukrainaning bug‘doy eksporti portlarning qo‘ldan ketishi ortidan to‘xtagan bo‘lsa, Rossiya ichki bozordagi ta’minotni bahona qilib, g‘alla sotishni taqiqladi. Bu ham yetmaganidek, jahon g‘alla bozorining uchinchi asosiy o‘yinchisi Hindiston ham bug‘doy eksportini chekladi.

Qayd etish kerakki, Vazirlar Mahkamasining “Don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 866-sonli Qarori bilan 2019 yil 15 oktyabrdan “O‘zdonmahsulot” AJ tizimidagi tashkilotlar tomonidan 2019 yil hosilidan tayyorlangan va un ishlab chiqarishga yo‘naltiriladigan bug‘doydan boshqa g‘alla iste’molchilarining barcha toifalariga faqat birja savdolari orqali hech qanday cheklovlarsiz sotilishi belgilandi. Shundan so‘ng, non narxi 650-700 so‘mdan 1400 so‘mga ko‘tarilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

non bug'doy

Baholaganlar

1042

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing