Budanov Ukrainani qiyin davr kutayotganini aytdi
Olam
−
22 aprel
8915Ukraina may-iyun oylarida qiyin vaziyatga duch kelishi mumkin. Bu haqda Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov BBC’ga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Ukraina razvedkasi rahbari qiyin davr may oyining o‘rtalarida – iyun oyining boshlarida bo‘lishini taxmin qilmoqda. Bu vaqt Zelenskiyning vakolat muddati tugashiga to‘g‘ri keladi. Razvedka avvalroq bahorda "Maydan-3" haqida ogohlantirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiy amaliyotlar nuqtai nazaridan ham, ichki siyosiy vaziyatda ham qiyinchiliklar bo‘ladi.
“Bu integratsiyalashgan yondashuv, chunki rossiyaliklar integratsiyalashgan yondashuvdan foydalanadi. Ular murakkab operatsiya o‘tkazmoqda. Biz bu haqda uzoq vaqt gaplashmaymiz. May oyining o‘rtalaridan iyun oyining boshigacha bo‘lgan vaqt qiyin davr bo‘ladi”, deydi u.
20 may kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning vakolat muddati tugaydi. Davlat rahbari saylovi 31 mart kuni bo‘lib o‘tishi kerak edi, biroq mamlakatda harbiy holat rejimi joriy etilgani sababli ularni o‘tkazish, qonunlarga ko‘ra, taqiqlangan. Xuddi shu sababga ko‘ra, 2023 yilda Oliy Radaga saylovlar o‘tkazilmagan.
Qayd etish joizki, Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov 21 maygacha Zelenskiy hukumatining qonuniyligi masalasida Rossiya pozitsiyasi haqida qaror qabul qilinishini ma’lum qilgan. Zelenskiy o‘tgan yili Moskva “Maydan-3” operatsiyasini tayyorlayotganini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu uni lavozimidan bo‘shatishga qaratilgan va 2023 yil oxiriga rejalashtirilgan. Fevral oyida Ukraina Prezidenti huzuridagi razvedka qo‘mitasi operatsiya doirasida Rossiya tomoni Ukraina rasmiylarining 20 maydan keyin qabul qilingan qarorlarining qonuniyligiga shubha qilayotganligi haqida xabar bergan edi.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, “Maydan-3” rejasi bo‘yicha iyun oyining birinchi yarmida Ukrainadagi vaziyat "chayqaladi". Bundan foydalanib, Rossiya sharqda Ukraina Qurolli kuchlarini mag‘lubiyatga uchratishi mumkin.
Budanovning aytishicha, operatsiya "davom etmoqda va oldinga siljiyapti".
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Polshada Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga suiqasd uyushtirishda gumon qilingan shaxs qo‘lga olingandi.
Madina Otaboyeva
LiveBarchasi