Bu yil O‘zbekistonda yoz yondiradimi?
Bu qiziq
−
01 iyun 2023
27195O‘zbekiston hududida joriy yilning yoz fasli qanday ob-havo bilan o‘tishi hamda uning taxminiy darajalari ma’lum bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi Axborot xizmati xabar berdi.
Unda aytilishicha, joriy yilning iyun oyi o‘rtacha issiq ob-havo bilan boshlanadi. Oyning eng boshida havo harorati 34-37 daraja atrofida bo‘ladi. Ikkinchi besh kunlikda issiq 37-40 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda 40-43 darajagacha ko‘tariladi va bunday harorat ikkinchi o‘n kunlikning boshigacha saqlanib turadi.
Shuningdek, birinchi o‘n kunlik davomida O‘zbekiston hududining katta qismida quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat tog‘li hududlarda ayrim kunlarda mahalliy momaqaldiroqli yomg‘irlar yog‘ishi mumkin.
Iyun oyining ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida issiq qisqa muddatga biroz kuchsizlanish davrlari bilan harorat asosan 36-39 daraja, respublikaning shimoli, janubi va cho‘l hududlarida 42 daraja atrofida bo‘ladi. Umuman olganda, iyun oyi me’yordan 2-3 darajaga iliqroq bo‘ladi.
Ayrim kunlarda ba’zi joylarda biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin, umuman olganda, iyun oyidagi yog‘ingarchilik miqdori me’yordan kam bo‘lishi kutilmoqda.
“Iyul va avgust oylarida 60-70% ehtimollik bilan harorat foni me’yordan biroz yuqori va uning atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Yoz anomal issiq bo‘lmaydi, biroq haroratni 40-42 darajagacha, respublikaning shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida 43-45 darajagacha ko‘tarilib, juda issiq ob-havoning ayrim davrlari ham istisno qilinmaydi. Bu O‘rta Osiyo iqlimining xususiyatlaridan biridir”, deyiladi agentlik bergan xabarda.
Ma’lumot uchun, XXI asr boshidan beri faqat 2003 va 2009 yillardagi yoz fasllarida havo harorati me’yordan biroz pastroq, boshqa barcha yoz fasllari esa me’yor atrofida va undan iliqroq bo‘lgan. 2015 yildan boshlab barcha yoz fasllarida me’yordan yuqori harorat qayd etilgan.
Nurmuhammad Fayzullayev