Bu sharmandalik va falokat – Flik hakamlarni tanqid qildi
Sport
−
13 fevral 4302 1 daqiqa
“Barselona” bosh murabbiysi Xans-Diter Flik Ispaniya kubogi yarim finali doirasida “Atletiko Madrid”ga qarshi o‘tkazilgan birinchi uchrashuvdagi hakamlikni keskin tanqid qildi.
Madridda bo‘lib o‘tgan o‘yinda mezbonlar 4:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvning 52-daqiqasida kataloniyaliklar himoyachisi Pau Kubarsi kiritgan gol VAR orqali tekshirilib, ofsayd sabab bekor qilindi. Qaror chiqarish uchun hakamlarga yetti daqiqa vaqt kerak bo‘ldi.
“Qancha vaqt kutishimiz kerak – yetti daqiqa? Men uchun bu ofsayd emasligi aniq. Men bunga boshqacha qarayman. Gol inobatga olinmaganda, ular bizga hech narsa tushuntirmaydi. Hech qanday aloqa yo‘q. Nima uchun ofsayd berilganini tushunmayapman. Bu sharmandalik va falokat”, dedi Flik.
Shuningdek germaniyalik mutaxassis jamoasining o‘yini haqida ham fikr bildirdi:
“Birinchi bo‘lim bizni umidsizlikka tushirdi. Ikkinchi bo‘limda o‘yinimizni yaxshilashga harakat qildik, ammo hali hech narsa tugagani yo‘q. Oldinda javob o‘yini bor. Biz g‘alaba uchun kurashamiz. Bizga “Kamp Nou”da muxlislarimizning qo‘llab-quvvatlashi kerak”, deya qo‘shimcha qildi u.
Ma’lumot uchun, jamoalar o‘rtasidagi Ispaniya Kubogi yarim final javob uchrashuvi joriy yilning 3 mart kuni bo‘lib o‘tadi. Kataloniyaliklar musobaqaning amaldagi chempioni hisoblanadi.
Live
BarchasiIspaniya migrantlarni Seutani tark etishga majbur qilish uchun ularni suv va o‘tsiz qoldirmoqda
17:40
Toshkentdagi o‘pirilib tushgan yo‘l o‘tkazgich qurilishida 7,4 mlrd so‘m yeb yuborilgani ayon bo‘ldi
17:28