Bu nima ahvol? – Toshqulov 3 ming talaba Telegram'dan o‘qitilganini tanqid qildi

Jamiyat

image

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov Qashqadaryo oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarga Telegram orqali dars berilganini tanqid qildi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi rahbarlari boshchiligidagi ishchi guruh Qashqadaryo viloyatidagi 6 ta oliy ta’lim muassasasini kompleks o‘rganib chiqqan.

O‘rganish natijalari yuzasidan mas’ullar va hududda joylashgan oliy ta’lim muassasalari rahbarlari hamda professor-o‘qituvchilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilgan. Yig‘ilishda erishilgan yutuqlar bilan birga, hududdagi bir qator oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifati va ilmiy salohiyat yetishmasligi, talabalar, o‘qituvchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmagani, moddiy-texnik baza bilan to‘liq ta’minlanmagani, o‘quv jarayonini kredit-modul tizimi asosida tashkil etishdagi muammolar, shuningdek, masofaviy ta’limni yo‘lga qo‘yishdagi kamchiliklar tanqid qilingan.

Xususan, Qarshi davlat universitetining Pedagogika instituti faoliyati qoniqarsiz deb topilib, direktor, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari va o‘quv-metodik boshqarma boshlig‘iga masofaviy ta’limni tashkil qilishda yo‘l qo‘ygan jiddiy kamchiliklari uchun hayfsan berilgan. Muammolarni bartaraf etish uchun uch oylik muddat qo‘yilgan.

“Bugun masofaviy ta’lim uchun yaratilgan ko‘plab maxsus platformalar bo‘laturib, uch ming nafar talabani Telegram orqali o‘qityapsizlar. Hamma narsa Telegram’da. Oliy ta’lim muassasining o‘z platformasi yo‘qmi? Bu nima ahvol? Prezidentimizning ozgina tashvishlari ming chandon to‘g‘ri ekanligiga amin bo‘lib ketyapman. Barchasi bo‘yicha xulosa qilinadi. Endi ta’lim siyosatiga hamma javob beradi”, deya ta’kidlagan Abduqodir Toshqulov.

Avvalroq, O‘zbekistondagi barcha oliy ta’lim muassasalari 23 ta mezon bo‘yicha kompleks o‘rganilishi haqida xabar bergan edik. Jarayonga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenboyev boshchiligida tuzilgan ishchi guruh boshchilik qiladi.

Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

691

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing