Bu kunlarni biz jurnalist, blogerlar orzu qilganmiz – Gulnoza Husanova

Jamiyat

image

“Davlat idoralari jurnalistlar ularning dushmani emasligini tushunishlari kerak”. “UzReport” telekanali bosh muharriri Gulnoza Husanova Xalqaro press-klubning “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunchiligida so‘z hamda matbuot erkinligi va O‘zbekistonda OAVni rivojlantirish jarayonlari” mavzusida o‘tgan davra suhbatida yuqoridagi fikrni bildirib, O‘zbekistondagi so‘z va matbuot erinligining bugungi holatini baholadi. U nutqini so‘z erkinligi haqida jonli efirda gapirayotganining o‘zi alohida voqelik ekanini alqashdan boshlaydi. 

“Hozir so‘z erkinligi haqida jonli efirda gapiryapmiz. Avval bunaqasi bo‘lmagan. 11 yildan beri “UzReport”da ishlayman. Matbuot ovozi bo‘g‘ilgan, jurnalistlarning ovozi o‘chirilgan, ommaviy axborot vositalari senzura qilingan paytlarda ishlaganman. Ko‘rsatuv efirga berilishiga 2-5 daqiqa qolganida efirdan olib qo‘yilganiga ham guvoh bo‘lganman. To‘g‘risini aytaman, bu kunlarni biz jurnalist, blogerlar orzu qilganmiz. Yosh jurnalistlarga bizning ishlaydigan vaqtimiz endi kelganini aytaman”, deydi bosh muharrir.

Gulnoza Husanova so‘zida davom etar ekan,  hozirda jurnalistlarning tili, tishi ancha o‘tkirligini aytib, o‘zbek jurnalistikasining eng katta yutug‘i sifatida ular ko‘tarayotgan muammolar sababli hukumat o‘z qarorlarini o‘zgartirishga majbur bo‘layotganini ta’kidladi.

“E’tibor qilgan bo‘lsangiz, hozirda jurnalistlarning tili, tishi ancha o‘tkir. Shunday muammolarni ko‘tarishyaptiki, hukumat shundan keyin o‘z qarorlarini o‘zgartirishga majbur bo‘lyapti. Nazarimda, bu – o‘zbek jurnalistikasining eng katta yutug‘i. OAV, bloger, jurnalistlarimiz jamiyatning rivoji yo‘lida g‘ov bo‘layotgan turli to‘siqlar, masalan, byurokratiya, ta’magirlik, korrupsiya mavzularini ko‘tarishyapti va o‘z vazifasini bajara olmagan mutasaddilarni qo‘rqmasdan, dadil tanqid ham qilishyapti.

Aminman, bu ochiqlik siyosatiga ko‘nika olmagan, moslasha olmagan ayrim rahbarlarga, mutasaddilarga yoqmasligi ham mumkin. Lekin buyog‘iga endi orqaga qaytish yo‘q. Biz hozir so‘z erkinligini endi his qilyapmiz. To‘g‘ri, xatolar ham bo‘lishi ham mumkin, lekin ishlamagan xato ham qilmaydi”, deydi Gulnoza Husanova.

Bosh muharrir, shuningdek, muammolar jurnalist, blogerlar tomonidan ko‘tarilmasa, ular hech qachon hal bo‘lmasligini aytib, davlat idoralari rahbarlaridan jurnalistlar ularga dushman emasligini tushunishlarini so‘radi.

“Biz bilamiz, so‘z erkinligi xohlagan narsani ayta olish degani emas. Bu eng avvalo mas’uliyat. Buni jurnalistlar ham, blogerlar ham his qilib turishibdi. Agar hozir biz axborotni vaqtida, tezkor bermasak, internet rivojlangan, odamlar bu axborotni istagan joyidan oladi. Shuning uchun hozir davlat idoralari ham tushunishi kerak: jurnalistlar ularning dushmani emas. Biz ham rivojlangan davlatda yashashni istaymiz. Agar biz hozir muammolarni ko‘tarmasak, ular hech qachon hal bo‘lmaydi.

Bugungi jurnalistika ochiqliksiz ishlay olmaydi, yashay olmaydi. Shaxsan o‘zim Prezident Mirziyoyevning eng katta yutug‘i – so‘z erkinligini ta’minlagani deb bilaman. O‘zbekiston yopiq davlatdan ochiq davlatga aylandi. Buni xalqaro hamkorlarimiz ham har doim e’tirof etishadi. Bu jarayonlar boshlandi, endi ortga yo‘l yo‘q. Endi jurnalistlarning ham chekinishga haqqi yo‘q”, deydi Gulnoza Husanova.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev tadbirda so‘z va matbuot erkinligi masalasiga to‘xtalib, jamiyatga so‘z va matbuot erkinligi joriy etilmaganida, pandemiya sharoitida ahvol ancha murakkab bo‘lishi mumkinligi haqida gapirgandi.

Shuningdek, uchrashuvda so‘zga chiqqan YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Jon Mak-Gregor xalqaro majburiyatlar masalasiga alohida to‘xtaldi.

Suhbatda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov davlat milliy xavfsizlikni ta’minlash jarayonida inson huquqlarini poymol qilmasligi, demokratik erkinliklar esa barcha uchun barobar bo‘lgan qonunlarni buzish uchun qo‘llanilmasligi lozim ekanini ta’kidladi.

Prezident Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asad Xo‘jayev esa davra suhbatida noxolis axborotlar tarqalishiga OAV vakillari va blogerlar emas, davlat organlari aybdor ekanini aytib o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

Gulnoza Husanova

Baholaganlar

39

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar