“Bu kulgili”. Messi FIFA haqidagi bahslarga keskin javob qaytardi

Sport

image

Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messi 2026 yilgi Jahon chempionati yarim finalidan keyin FIFA va hakamlar tomonidan jamoaga alohida imtiyoz berilayotgani haqidagi ayblovlarni inkor etdi. Bu haqda u Angliya bilan o‘yindan keyin jurnalistlarga bergan intervyusida so‘z ochdi.

“Erishgan barcha yutuqlarimizni shubha ostiga qo‘yish kulgili. Biz ketma-ket beshinchi finalga va ketma-ket ikkinchi marta Jahon chempionati finaliga chiqdik. Buning o‘zi jamoamizning qanday saviyaga ega ekanini ko‘rsatadi. So‘nggi yillarda biz dunyoning eng yaxshi terma jamoasi bo‘ldik. Kim nima desa ham, bizga hech kim hech narsa sovg‘a qilmadi. Bizda bor hamma narsani futbol maydonida halol mehnat bilan qo‘lga kiritdik”, deydi Messi.

Yarim finalda Argentina Angliyani 2:1 hisobida mag‘lub etib, ketma-ket ikkinchi marta Jahon chempionati finaliga yo‘l oldi. Messi uchrashuvda ikki golli uzatmani amalga oshirdi va bahsning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.

Avvalroq, internetda Argentina terma jamoasini turnirdan chetlatish talabi ilgari surilgan onlayn-petitsiya tarqalgan edi. Mualliflar jamoa foydasiga qabul qilingan bahsli hakamlik qarorlarini asos qilib keltirgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu petitsiyani 3 milliondan ortiq kishi imzolagan.

Petitsiya Argentina ishtirokidagi bir qator uchrashuvlardagi bahsli vaziyatlardan so‘ng paydo bo‘ldi. Jumladan, Misrga qarshi bahsda (3:2) misrliklar o‘z foydalariga penalti belgilanmagani va Mustafo Zikoning goli hisobga olinmaganidan norozi bo‘lgan. Shundan so‘ng, jamoa yetakchilaridan biri turnir “soxtalashtirilgan”ini iddao qilgan.

Shuningdek, Shveysariyaga qarshi chorak final uchrashuvida ham hakamlik qarorlari qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan. Shunga qaramay, amaldagi jahon chempioni bo‘lgan Argentina o‘z chempionlik yurishini davom ettirmoqda.

Argentina joriy yilning 19 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan finalda Ispaniya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Agar janubiy amerikaliklar ketma-ket ikkinchi bor jahon chempioni bo‘lsa, ular 1958 va 1962 yillarda Pele boshchiligida ushbu natijaga erishgan Braziliya terma jamoasining rekordiga tenglashadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing