Bu – xato. Ekspert Mirziyoyevning qasamyodi haqidagi axborot birinchi Moskvada yangragani to‘g‘risida
Jamiyat
−
13 noyabr 2021
28637Shavkat Mirziyoyevning Prezident lavozimiga kirishishiga bag‘ishlangan inauguratsiya marosimi qachon va qayerda o‘tishi to‘g‘risidagi axborot dastlab Rossiya ommaviy axborot vositalarida yangradi. Oradan bir sutka o‘tibgina ushbu marosim haqidagi ma’lumot O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi saytida e’lon qilindi. “Ma’no” tadqiqot tashabbuslari markazi direktori, siyosatshunos Baxtiyor Ergashev ushbu holat bo‘yicha o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi.
“Bu – xato. Bu – juda ham katta xato. Bunday juda muhim axborot, bunday yangiliklar, albatta, oldin O‘zbekistonda, uning axborot vositalarida chiqishi kerak. Keyin ularga asoslanib, boshqa davlatlar yangiliklar berishi mumkin. Men buni tushunishim qiyin”, deydi ekspert.
Siyosiy tahlilchining so‘zlariga ko‘ra, bunday xatolardan voz kechish kerak.
Foto: siyosatshunos Baxtiyor Ergashev
“Bunday xatolardan voz kechish kerak. Bunday siyosatni o‘zgartirish kerak. Oldin o‘zimiznikilar, O‘zbekiston axborot vositalari, keyin boshqalar. Bu qonundek bo‘lishi kerak. Davlat tashkilotlarining ishi, ularning olib borayotgan siyosati, hammasi shu qonundan kelib chiqishi kerak”, deydi Ergashev.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 noyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining o‘z lavozimiga kirishishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Marosimda Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, diplomatik korpus vakillari, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z.Nizomxo‘jayev ochdi. U 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi demokratik tamoyillar asosida, faol siyosiy raqobat muhitida o‘tganini ta’kidladi. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoyev saylovchilarning 80,12 foiz ovozi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganini qayd etdi.
LiveBarchasi