Ikkinchi bor saylangan Mirziyoyev qachon qasamyod qilishi ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
04 noyabr 2021
19834Ikkinchi marta O‘zbekiston Prezidenti etib saylangan Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 6 noyabr kuni o‘z lavozimiga kirishadi. Bu haqda TASS manbasiga tayanib yozmoqda.
“24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Prezidenti saylovida 80,12 foiz ovoz to‘plab, g‘alaba qozongan Shavkat Mirziyoyevning inauguratsiyasi shanba kuni (6 noyabr kuni) bo‘lib o‘tadi. Marosimda parlamentning yuqori va quyi palatalari a’zolari hamda respublika hukumati a’zolari, shuningdek, diplomatik korpus vakillari ishtirok etishi kutilmoqda”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, inauguratsiya Senatning (parlament yuqori palatasi) yangi binosida bo‘lib o‘tadi, uni bezash ishlari endigina yakunlanmoqda. O‘tgan safar – 2016 yilning 14 dekabrida ushbu marosim Qonunchilik palatasi (parlament quyi palatasi) binosida bo‘lib o‘tgandi.
Marosimda Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev Mirziyoyevga prezidentlik guvohnomasini topshirishi kutilmoqda. Qasamyod qabul qilganidan so‘ng unga shu yil oktyabr oyida ta’sis etilgan prezidentlik hokimiyatining o‘ziga xos belgilari – ko‘krak nishoni va bayrog‘i ham topshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 oktyabr kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Prezidenti saylovining natijalariga ko‘ra, O‘zLiDep nomzodi Shavkat Mirziyoyev 80,1 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi.
Ma’lumot uchun, saylovda ishtirok etgan nomzodlar quyidagicha ovoz to‘pladi:
• O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod Bahrom Abdurahimovich Abduhalimov – 3,4 foiz;
• O‘zbekiston Ekologik partiyasidan nomzod Narzullo Naimovich Oblomuradov – 4,1 foiz;
• O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Alisher Keldiyevich Qodirov – 5,5 foiz;
• O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Maqsuda Azizovna Varisova – 6,6 foiz;
• Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoyev – 80,1 foiz.
LiveBarchasi