Bu xabarni musulmon bo‘lmagan dunyo yetakchilari orasida tarqatish kerak – Imron Xon
Olam
−
25 dekabr 2021
26809Pokiston Bosh vaziri Imron Xon Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning payg‘ambar Muhammad (s.a.v.) ni haqoratlash erkinlik va ijodkorlik ifodasi emasligi haqidagi so‘zlarini ijobiy qabul qildi. Bu haqda u Twitter’dagi sahifasida yozib qoldirgan.
“Prezident Putinning Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni haqorat qilish erkinlik ifodasi emasligi haqidagi xabarimni tasdiqlovchi bayonotini olqishlayman. Biz musulmonlar, ayniqsa musulmon yetakchilar, islomofobiyaga qarshi kurashish uchun bu xabarni musulmon bo‘lmagan dunyo yetakchilari orasida tarqatishimiz kerak”, degan Pokiston Bosh vaziri.
Eslatib o‘tamiz, Putin yillik yirik matbuot anjumanida payg‘ambar Muhammad (s.a.v.) ni haqorat qilish ijod erkinligi emasligini aytgandi. Rossiya Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, payg‘ambar Muhammad (s.a.v.) ni haqorat qilish “diniy e’tiqod erkinligini buzish va islom diniga e’tiqod qiluvchilarning muqaddas tuyg‘ularini buzishdir”.
Avvalroq, Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan “Tolibon” harakati Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning payg‘ambar Muhammad (s.a.v.) ni haqorat qilish erkinlik va ijodkorlik ifodasi emasligi haqidagi so‘zlarini olqishlagandi.