“Bu qasos”. AQSH ISHIDga zarba berdi (video)
Olam
−
09:37 9304 2 daqiqa
AQSH harbiylari bugun, 20 dekabrga o‘tar kechasi Suriyadagi “Iroq va Shom islom davlati”ga (ISHID) tegishli ob’ektlarga zarbalar berdi. Bu haqda AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
Pentagon rahbariga ko‘ra, mamlakatning markaziy hududlarida joylashgan ISHIDning 70 dan ortiq nishoni yo‘q qilingan. Hujumlar chog‘ida jangarilar, infratuzilma ob’ektlari hamda qurol-yarog‘ omborlari nishonga olingan. “Al Hadath” telekanali ma’lumotiga ko‘ra, AQSH bazalaridan uchirilgan raketalar Deyr-az-Zor, Rakka va Homs viloyatlari yo‘nalishiga qaratilgan, zarbalar qiruvchi samolyotlar va zarba beruvchi vertolyotlar yordamida ham amalga oshirilgan.
Pentagonda ushbu amaliyot “Hawkeye Strike” (“Lochin zarbasi”) deb nomlangan. AQSH so‘nggi oylar davomida Suriyada shunday hujumlarni amalga oshirib kelmoqda; ular Bashar Asad rejimi ag‘darilgach, mamlakatni boshqarayotgan vaqtinchalik Suriya hokimiyati bilan muvofiqlashtirilgan holda o‘tkazilmoqda.
Pit Hegsetning aytishicha, zarbalar 13 dekabr kuni Palmira shahrida ISHID jangarisi tomonidan Suriya xavfsizlik kuchlari va AQSH harbiylarining qo‘shma patruliga uyushtirilgan hujumga javob bo‘lgan. O‘shanda ikki nafar AQSH harbiysi, amerikalik fuqaro bo‘lgan tarjimon va ikki nafar suriyalik halok bo‘lgan, yana uch amerikalik harbiy yaralangan. Patrulga uyushtirilgan hujumni yolg‘iz jangari amalga oshirgani, u qarshi o‘t ochish chog‘ida yo‘q qilingani xabar qilingan.
“Bu urush e’loni emas, bu qasosdir. Agar siz dunyoning qayerida bo‘lishidan qat’i nazar amerikaliklarga hujum qilsangiz, Qo‘shma Shtatlar sizni topadi va shafqatsizlarcha yo‘q qiladi”, degan Hegset.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp ham ISHIDga hujum uchun “juda jiddiy” javob bo‘lishini va’da qilgan, shuningdek, Vashington Damashq bilan aloqada ekani, Suriya tomoni AQSHning javob choralariga to‘sqinlik qilmasligini bildirgan edi.
Live
Barchasi