Suriyada 3 amerikalik o‘ldirildi. Tramp qasos olmoqchi
Olam
−
14:00 4874 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Suriyada “Islomiy davlat” (ISHID) terrorchilik tashkiloti jangarilari tuzog‘iga tushgan uch nafar AQSH fuqarosi halok bo‘lgani ortidan “javob choralari” bilan tahdid qildi. Tramp bu haqda kecha, 13 dekabr kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.
Amerika yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, hujum “Suriyaning juda xavfli, o‘tish davri prezidenti Ahmad ash-Shara kuchlari tomonidan to‘liq nazorat qilinmaydigan qismida” sodir etilgan. Trampning aytishicha, ash-Shara sodir bo‘lgan voqeadan “juda g‘azablangan va xavotirda”.
“Ha, biz javob zarbasini beramiz. Juda jiddiy qasos choralari ko‘riladi”, dedi Oq uy rahbari jurnalist savoliga javoban.
AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) X ijtimoiy tarmog‘ida 13 dekabr kuni yakka holda harakat qilgan jangarining tuzog‘i oqibatida ikki nafar amerikalik harbiy xizmatchi va yana bir amerikalik tinch fuqaro halok bo‘lganini ma’lum qildi. Trampning aytishicha, halok bo‘lgan tinch fuqaro tarjimon bo‘lgan. CENTCOM ma’lumotiga ko‘ra, jangarining o‘zi ham yo‘q qilingan.
Harbiy xizmatchilarning shaxsi ularning yaqin qarindoshlari xabardor qilinganidan 24 soat o‘tgach oshkor etiladi. Jarohat olganlar o‘zini yaxshi his qilayotgani ham qayd etildi.
AQSH Suriya va Iroqda ISHIDga qarshi xalqaro koalitsiyaga boshchilik qiladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, guruh AQSH va uning ittifoqchilari tomonidan harbiy jihatdan mag‘lub etilgan. Biroq ISHIDning ayrim jangarilari hali ham Iroq va Suriyada yashirinib, teraktlar uyushtirib kelmoqda.
CENTCOM va Suriya ichki ishlar vazirligi kuchlari 24–27 noyabr kunlari Damashq viloyatida ISHIDga tegishli maxfiy qurol omborlari joylashgan 15 ta nuqtaga havodan va yerdan zarbalar bergan.
Joriy yilning 10 noyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Vashingtonda Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara bilan uchrashdi. Shu kuni Suriya Damashq AQSH yetakchiligidagi ISHIDga qarshi xalqaro koalitsiyaga qo‘shilgan.
Live
Barchasi