Bu endi haddan oshish – Putin Lukashenkoga suiqasd haqida gapirdi
Olam
−
21 aprel 2021
16770Avvalroq Rossiya va Belarus maxsus kuchlari Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoga qarshi suiqasdning oldini olgani haqida xabar bergan edik. Bugun, 21 aprel kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin mamlakat parlamentiga yo‘llagan an’anaviy murojaatida Belarus rahbariga uyushtirilgan suiqasd mavzusiga to‘xtalib o‘tdi.
Putin Lukashenkoning hayotiga uyushtirilgan suiqasdni “g‘azablantiradigan holat”, deb atadi. Shuningdek, u ushbu voqeaga dunyoda hech kim reaksiya ko‘rsatmaganiga e’tibor qaratgan.
Rossiya Prezidentining aytishicha, aslida Belarusga qarshi yirik kiberhujum uyushtirishga hozirlik ko‘rilgan.
“Ukrainaning [sobiq] Prezidenti Yanukovich yoki Lukashenkoning siyosati to‘g‘risida xohlagancha fikr yuritish mumkin, ammo siyosiy suiqasdlar amaliyoti – bu endi haddan oshish”, deydi Putin.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya Federatsiyasiga qarshi har qanday provokatsiya tashkilotchilari “qattiq afsuslanadi”.
“Rossiyaga qarshi nodo‘stona harakatlar ham to‘xtamayapti. Biz bu borada o‘zimizni juda bosiq tutyapmiz: nafaqat nodo‘stona xatti-harakatlarni, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘pollikni ham ko‘pincha javobsiz qoldiryapmiz”, deydi Putin.
Prezidentning ta’kidlashicha, ayrim mamlakatlar “nomaqbul odat chiqargan, ya’ni har qanday masalada Rossiyaga yopishib olmoqda”. U buni yangi “sport turi” deb atagan.
Estalib o‘tamiz, avvalroq Lukashenko va farzandlariga nisbatan suiqasd uyushtirilgandi. Prezident bunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri AQSH maxsus kuchlarini ayblagandi.
LiveBarchasi