Bu bilan murosa qilib bo‘lmaydi – Minxojiddin Xojimatov “Drujba”da hilpiragan SSSR bayrog‘i haqida

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrilagi Istiqlol san’at saroyi oldida tashkil etilgan konsertda odamlar tomonidan SSSR bayrog‘i baland ko‘tarilgani aks etgan lavhalar tarqaldi. Bu holatga turli baho beruvchilar ham topildi.

Toshkentda mustabid tuzum ramzi ko‘tarilganiga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minxojiddin Xojimatov o‘z munosatabini bildirib, bu chidab bo‘lmas holat ekanini ta’kidladi.

Minxojiddin Xojimatov avvalo tarixda o‘zini mustamlaka qilgan davlat ramzini istiqlol davrida katta maydonlarda hilpirashi bugungi kunda bo‘layotgan islohotlarga ishonchsizlikni uyg‘otishiga to‘xtalgan.

“O‘zbek xalqi ma’rifatli xalq. Biz azaldan tarixiy xotiraga hurmat va e’zoz bilan qaraymiz. Lekin tarixni xotirlash, biz uchun muqaddas sanalgan mustaqillikni kamsitish, uning qadr-qimmatini obro‘sizlantirishga aylanadigan bo‘lsa, kimdir bundan foydalanib, yosh avlod ongini zaharlashga, ularda O‘zbekiston istiqboliga, islohotlar natijasiga ishonchsizlik tuyg‘ularini uyg‘otishga harakat qiladigan bo‘lsa, bunday holat bilan murosa qilib bo‘lmaydi.

Afsuski, bugun bot-bot avtomashinalariga georgiy lentalarini taqib olgan, kiyimiga SSSR gerbini, umuman mustabid tuzumning ramzlarini targ‘ib qilishga urinayotgan kimsalar paydo bo‘lib qolmoqda. Albatta, hech bir narsa o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi. Uning haybarakallachilari bo‘ladi”, deydi Xojimatov.

U so‘zida davom etib, O‘zbekiston 30 yildirki xalqaro maydonda suveren davlat sifatida o‘rniga ega ekanini, uning bayrog‘i ham BMT binosi qarshisida o‘rnatilganini ta’kidlagan.

“Muqaddas Vatanimiz mustaqillikka erishganiga bu yil o‘ttiz yil to‘ladi. Davlat bayrog‘i har qanday mamlakat suverenitetining ramzi hisoblanadi. O‘ttiz yilki, dunyo xaritasida O‘zbekiston degan davlat o‘zini mag‘rur namoyon etib turibdi. BMT (binosi – tahr.) qarshisida butun dunyo mamlakatlari bayrog‘i bilan bir qatorda O‘zbekiston bayrog‘i xilpirab turibdi”, deya O‘zbekiston suvereniteti xalqaro darajada tan olinganini urg‘ulagan mas’ul.

O‘zbekiston mustaqillik yillarida turli tahdidlar va xurujlarni boshdan kechirganini, uning yo‘lida “ko‘ppak” va “qashqir”lar ham chiqqanini aytib o‘tgan.

“O‘tgan o‘ttiz yil ichida ne-ne tahdidlar, xuruj va fitnalarning guvohi bo‘ldik. Mustaqillik, yuksak taraqqiyot yo‘lida ildamlab borayotgan karvonimiz ortidan xurgan “ko‘ppak”lar, yo‘lini to‘smoqqa uringan “qashqir”lar ko‘p bo‘ldi. Ming shukrlarki, asosiy maqsad yo‘lida karvonimiz sobit borayotir. Mamlakatimizdagi yangilanish nafasi, Yangi O‘zbekistonni bunyod etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasidagi islohotlar mustaqillik milliy taraqqiyotimiz uchun qanchalar ulug‘ ne’mat va tengsiz imkoniyat ekanligini yaqqol ko‘rsatib turibdi”, deydi Minxojiddin Xojimatov.

U so‘zida davom etib, shu kunlarda poytaxtning muhtasham Xalqlar do‘stligi saroyi oldidagi maydondagi tadbirda istibdod ramzi bo‘lgan – sobiq SSSR qonli bayrog‘ining ko‘tarilishi, milliy davlatchilik, mustaqillikka nisbatan bepisandlik va kechirib bo‘lmaydigan, hech qanday vaj bilan oqlab bo‘lmaydigan haqorat, ekanini qayd etdi.

“Bu voqea nimaning belgisi? Demak, oramizda Turkistonni, uning muxtoriyatini qonga botirgan, 100 mingdan ortiq ziyolilar, millat gullarini qatag‘on qilgan, dinu diyonatimiz, aziz avliyolarimiz qabrlarini oyoq osti qilgan, yer osti va yer usti boyliklarimizni talagan, “Paxta ishi”, “O‘zbeklar ishi” deb millatni tahqirlab, yuzini qora qilishga uringan, bizni o‘zligimiz, tilimizdan ayirishni maqsad qilgan SSSR degan davlatni sog‘inayotganlar, uning bayrog‘ini qalbining to‘rida asrab yurganlar, pana-pastqam joylarda to‘planib mamlakatimizdagi hamjihatlikka rahna solish maqsadida yurganlar bor ekan-da! Bu voqea shuning isboti! Bu asl vatanparvarlarni ogohlikka undashi, hushyor va ogoh qilishi kerak!

Keling, aziz vatandosh. Bir o‘ylab ko‘raylik, bugun Hindiston davlatining poytaxti markazida Buyuk Britaniya mustamlakachiligini sharaflab, uning bayrog‘ini ko‘tarishlarini hind xalqi bee’tibor qoldiradimi?”, deydi u boshqa davlatlardan misol keltirib.

Minxojiddin Xojimatov kim bu tadbirni o‘tkazishga ruxsat berdi, Nima uchun bu tadbirning maqsadi, dasturi bilan hech kim qiziqmadi, deya savol bergan.

“Axir mamlakatimizda bu borada o‘rnatilgan tartib borku?! Shahar bedarvozami? Bugun bosh maydonlardan birida qizil bayroq ko‘targanlarning ko‘ngli ertaga yana nimalarni qo‘msaydi?

UNESCO’ning “Bag‘rikenglik deklaratsiyasi”da “Bag‘rikenglik bu -turli tumanlikdagi birlikdir” deyiladi. Mamlakatimizdagi 130 dan ortiq millat va elatlar Vatanimiz rivojiga munosib hissa qo‘shib, tinch-axil yashab kelyapti. Ular uchun eng muqaddas ramz – bu O‘zbekiston bayrog‘i!

Mustabid tuzumni qo‘msayotganlar, ularga shu bayroqni ko‘tarishni o‘rgatayotganlar bu bayroqni o‘z yurtiga borib ko‘taraversin. Faqat O‘zbekistonda emas!

Negaki, biz endi hech qachon SSSRning qonli bayrog‘i O‘zbekistonda ko‘tarilishini hohlamaymiz. Bunga yo‘l ham qo‘ymaymiz!”, deya fikr bildirgan Xojimatov.

U o‘zbek xalqi 130 yil qaramlikka, tahqirlash va kamsitishlarga, zulmu istibdod taziyqlariga chidab kelganini ta’kidlab shunday deydi:

“Yer kurrasida yagona bo‘lgan muqaddas Vatanimizda faqat bitta bayroq yuksakka ko‘tariladi. Bu O‘zbekiston davlat bayrog‘i!

Har qanday mamlakatda uning suverenitetiga daxl qiladigan, buzg‘unchi mafkura asosida jamiyat birligi va mamlakat xavfsizligiga rahna soladigan tashkilotning faoliyat yuritishi qonun bilan taqiqlanadi. Shu jihatdan bu holatga ham siyosiy ham huquqiy baho berilishi lozim. Biz Vatanimiz bilan faxrlanamiz. Tariximiz ham, taqdirimiz ham shu zamin bilan bog‘langan.

Faqat O‘zbekistondagina farzandlarimiz emin-erkin, baxtli-saodatli yashashiga ishonamiz!”

Eslatib o‘tamiz, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov ushbu holatni o‘zbek xalqiga nisbatan haqorat deb atadi.


Maqola muallifi

Teglar

Minxojiddin Xojimatov

Baholaganlar

388

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar