Bu antimigrant siyosatning mahsuli – Bekmurodov 10 yashar Qobiljonning fojiasi haqida (video)
Olam
−
18 dekabr 6281 2 daqiqa
Rossiyada tojikistonlik migrant oilaning 10 yashar bolasi maktabda vahshiylarcha 15 yashar o‘quvchi tomonidan o‘ldirilishi, mamlakatda uzoq yillardan buyon olib borilayotgan antimigrant siyosatining mevasidir. Bu haqda Rossiyadagi millatchilik g‘oyalariga qarshi dadil chiqishlar qiladigan o‘zbekistonlik sanoqli siyosatchilardan biri – “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida aytib chiqdi.
U bo‘lib o‘tgan voqeadan chuqur qayg‘uda ekanini aytarkan, bolakayning yaqinlari, oila a’zolari va butun tojik xalqiga hamdardlik bildirgan.
“Bu vahshiylikning sababini anglashga urinar ekanman, avvalambor, bu yillar davomida yuritilgan aksilmigrant siyosatning mahsuli, deb bilaman”, deydi Bekmurodov.
Uning qayd etishicha, Rossiyada yillar davomida antimigrant siyosati targ‘ib qilinmoqda. Buning zararli va ayanchli oqibatlari ko‘p bo‘lishi mumkin.
“Biz Markaziy Osiyoda birdamlik, yakdillik siyosatini faol qo‘llab-quvvatlashimiz va birlashishimiz, bir tan-u bir jon bo‘lishimiz kerak. O‘ylaymanki, o‘zimizning ichki imkoniyatlarimizdan to‘liq foydalanib, o‘z iqtisodiyotlarimizni rivojlantirishimiz, ish o‘rinlarini yaratishimiz, boshqa tomonlarga bog‘liqligimizni imkon qadar kamaytirishimiz kerak”, deydi deputat.
17 dekabr kuni Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Odinsovoning Gorki-2 qishlog‘idagi Uspenskiy o‘rta maktabida to‘rtinchi sinf o‘quvchisining o‘ldirilishini qoraladi. Vazirlik respublika fuqarosi bo‘lgan bolaning o‘limi munosabati bilan hamdardlik bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, 16 dekabr kuni ertalab 15 yoshli to‘qqizinchi sinf o‘quvchisi maktabga pichoq bilan bostirib kirdi. U qo‘riqchi va to‘rtinchi sinf o‘quvchisini pichoqlab, bolani o‘ldirdi. Tergov qo‘mitasi Rossiya Jinoyat kodeksining 105-moddasi (qotillik) va Rossiya Jinoyat kodeksining 30-moddasi 3-qismi, 105-moddasi 2-qismi (ikki yoki undan ortiq odamni o‘ldirishga urinish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Tergov qo‘mitasi hibsga olingan 15 yoshli o‘smir so‘roq paytida aybini tan olganini, jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va tafsilotlarni ham bayon qilganini ma’lum qildi.
Hujumni uyushtirgan 15 yoshli Timofey K. ismli bola qo‘lga olingan. Uning telefonidagi galereyada selfilar va halok bo‘lgan maktab o‘quvchisining surati aniqlangan. Shuningdek, o‘smir ekstremistik iqtiboslar va o‘ng radikal tashkilotlar nomlari bilan bezatilgan o‘z kaskasini ham suratga olgan. Xususan, kaskada “Sygaown” so‘zi yozilgan bo‘lib, bu 2022 yilda AQSHda sodir etilgan ommaviy otishmaga ishora hisoblanadi.
Live
Barchasi