O‘zgidromet avgust oyida qanday ob-havo kuzatilishini ma’lum qildi
Intervyu
−
01 avgust 2023
25818Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda bu yil yoz chillasiga to‘g‘ri kelgan iyun va iyul oylarida havo harorati, asosan, 40-45 darajagacha ko‘tarildi. Ushbu issiq havo oqimi ko‘pchilik, xususan, Energetika vazirligi tomonidan “anomal” deb ta’riflandi ham. Xo‘sh, o‘zbekistonliklar boshdan kechirayotgan issiq havo rostdan ham anomalmi? Mazkur savolga javob olish uchun QALAMPIR.UZ Gidrometerologiya markazi mutaxassisiga yuzlandi.
“Bu anomal issiq emas. O‘zbekistonda shunchaki kunlik me’yordan 2-4 daraja yoqori bo‘lgan harorat qayd etilgan. Havo haroratini anomal deb hisoblanish uchun me’yordan 7-8 darajagacha ko‘tarilishi kerak. Masalan, yozda o‘rtacha harorat 30 gradus bo‘lsa, lekin ketma-ket 5 kun 37-38 daraja qayd etilsa, bu anomalga yaqinlashgan hisoblanadi. Xuddi shunday qish faslida ham havo harorati keskin tushib, bu bir necha kun davom etsa, anomal sovuq deyiladi”, dedi Gidrometerologiya markazida Innovatsiyalarni joriy etish bo‘limi boshlig‘i Humoyun Mag‘ripov.
Xo‘sh, O‘zbekistonda boshlangan avgust oyida qanday ob-havo bo‘lishi kutilmoqda? Jazirama yoz chekinadimi? Mutaxassis QALAMPIR.UZ muxbirining mazkur savolini ham javobsiz qoldirmadi.
“Kirib kelgan avgust oyining dastlabki 5 kunida kunduzi harorat 35-40 darajagacha ko‘tarilishi, keyin esa 33-38 darajagacha tushishi kutilyapti. Ammo issiq ob-havo avgust oyida ham davom etadi. Lekin iyul oyiga nisbatan 2-3 gradusga pasayadi. 40 darajadan oshadigan kunlar sanoqli bo‘lishi kutilyapti. Oyning oxiriga yaqin tog‘oldi hududlarida qisqa muddatli yog‘ingarchilik kuzatilishi mumkin”, dedi u.
Shuningdek, kunning ba’zi qismlarida yengil shabada esib turganiga qaramay, insonlarning nafas olishida qiyinchiliklar yuzaga kelyapti. Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, bu holat havodagi namlik miqdoriga bog‘liq. U – inson sog‘lig‘iga ta’sir etadigan katta omillardan biri. Havo tarkibida namlik ko‘paygan sari inson behuzur bo‘lishni boshlaydi.
Shuning uchun O‘zgidrometereologiya markazi mutaxassisi fuqarolarga imkoni boricha soat 11:00 dan 17:00 ga qadar ko‘chga chiqmaslik, chiqqan taqdirda soyabon va boshqa himoya vositalari bilan himoyalanish, och rangli kiyimlar kiyish hamda ko‘proq suv ichishni tavsiya qildi.
LiveBarchasi