Bu hali hammasi emas: Aliyev Armaniston va uning sheriklariga tovon to‘latmoqchi

Olam

image
0:00
0:00
download

Ozarbayjon Armanistonni qurolli kuchlar ishg‘olida bo‘lgan paytda mamlakat hududlariga yetkazilgan zarar uchun xalqaro sudga berishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev davlat televideniyesiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Hozirgi bosqichda turli yo‘nalishlarda va minalardan tozalash ishlari olib borilmoqda. Bunga parallel ravishda asosiy infratuzilma loyihalari ishga tushirildi. Yo‘l infratuzilmasini yaratish bilan bog‘liq barcha sohalarda ishlar olib borilmoqda. Birinchidan, Fizuli-Shusha yo‘li, G‘alaba yo‘li, bizning avtomobil yo‘limiz qurilmoqda va yaqin kelajakda Horadiz-Zangilan avtomobil yo‘lining poydevori qo‘yiladi”, deydi Prezident.

Aliyevning ta’kidlashicha, Fizuli-Hadrut, Fizuli-Jebrail, Berde-Ag‘dam, Goygol-Tog‘anali-Kalbajar yo‘llari qurilishi allaqachon boshlangan. Bunga parallel ravishda Berde-Ag‘dam va Horadiz-Zangilan-Agbend temir yo‘l infratuzilmasi yaratilmoqda. Ushbu yo‘l Zangezur yo‘lagiga yetib boradi, ishlar esa allaqachon, belgilangan tartibda olib borilmoqda. Shuningdek, yetkazilgan zararni hisoblash uchun xorijiy mutaxassislar jalb qilingan. 

“Ma’lumki, bizning rejamiz Armanistonni xalqaro sudga berishdir. Tabiiyki, biz buni amalga oshiramiz va bu borada xorijiy mutaxassislar bizga yordam beradi. Tabiiy boyliklarimizni noqonuniy ekspluatatsiya qilayotgan Armaniston va uning chet ellik sheriklari xalqaro sudga duch keladi. Chunki armanlar tomonidan bizning oltin, mis va boshqa tabiiy boyliklarga ega konlarimizni talon-taroj qilish, ularni noqonuniy ekspluatatsiya qilish xalqaro jinoyat deb qaraladi va qonuniy protseduralar ushbu yo‘nalishda boshlangan. Bu ishga allaqachon xorijiy sheriklar jalb qilingan”, deydi Prezident Aliyev.

Shuningdek, davlat rahbari ishg‘ol qilingan hududlarning barcha shaharlari uchun bosh rejalarni tayyorlash ishlari olib borilayotganini aytdi. 

“Menimcha, bu, avvalambor, Ag‘dam shahrini qamrab oladi. Umid qilamanki, may oyi oxiriga qadar Ag‘dam shahri bosh rejasining dastlabki versiyasi taqdim etiladi. Shundan so‘ng, albatta, Ag‘dam viloyati jamoatchiligi ishtirokida uning munozarasi bo‘lib o‘tadi. Boshqa shaharlarimiz uchun ham bosh rejalar tayyorlanmoqda”, deydi Ozarbayjon rahbari.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Aliyev Armaniston bilan tinchlik bitimi tuzmoqchiligi, ikkinchi tomon esa jimligi to‘g‘risida xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

216

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing