Britaniyaning yangi Bosh vaziri birinchi bo‘lib kimga qo‘ng‘iroq qilgani ma’lum bo‘ldi (video)

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp va Buyuk Britaniyaning yangi Bosh vaziri Endi Bernem ilk telefon muloqotini o‘tkazdi. Suhbat davomida Shimoliy dengizdagi neft, savdo-sotiq, harbiy ittifoq, Hormuz bo‘g‘ozini minalardan tozalash va Yaqin Sharqdagi voqealar muhokama qilindi, shuningdek, yetakchilar yaqin kelajakda yuzma-yuz uchrashishga kelishib oldi. Bu haqda Tramp ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qildi.

Trampning ta’kidlashicha, ular Buyuk Britaniya bilan istisno darajadagi ikki tomonlama munosabatlarni muhokama qilgan.

“Yaqin kelajakda biz o‘zaro manfaatli masalalarni muhokama qilish uchun uchrashamiz”, deya bayonot bergan u. 

AQSH rahbari Bernemning oldida muhim vazifalar turganini qayd etib, shunday degan: 

“O‘ylaymanki, u buni uddalaydi va AQSH yordam berishga tayyor. Biz Shimoliy dengizdagi neft, savdo-sotiq, harbiy ittifoq, Hormuz bo‘g‘ozini minalardan tozalash va boshqa ko‘plab masalalarni muhokama qildik. Suhbat qiziqarli va juda yaxshi o‘tdi”. 

Tramp o‘z xabarida Bernemga yangi lavozimida muvaffaqiyat ham tilagan.

Buyuk Britaniya Bosh vaziri devonining Dauning-strit, 10-uydagi bayonotida xabar qilinishicha, Bernem lavozimga kirishganidan so‘ng ilk muzokarani aynan Tramp bilan, birinchi xorijiy davlat rahbari sifatida o‘tkazgan.

Qayd etilishicha, suhbat davomida Bernem AQSHni futbol bo‘yicha FIFA Jahon chempionatini o‘tkazgani bilan tabriklab, kelajakdagi tashrifi chog‘ida Trampga o‘z mamlakati taklif etayotgan sarmoyaviy va ishbilarmonlik imkoniyatlarini ko‘rsatish istagini bildirgan.

Bayonotda ko‘rsatilishicha, Bernem qayta sanoatlashtirish va iqtisodiy o‘sish borasidagi o‘z maqsadlari haqida so‘zlab, Buyuk Britaniya mudofaa sohasidagi majburiyatlarini bajarishda davom etishini ta’kidlagan.

Shuningdek, Tramp Bernemni Yaqin Sharqdagi so‘nggi voqealar haqida xabardor qilgan, Bernem esa o‘z navbatida Hormuz bo‘g‘ozida kemachilik erkinligi Buyuk Britaniya uchun katta ahamiyatga ega ekanini qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, Bernem kecha, 20 iyul kuni Bosh vazir lavozimini egalladi. U may oyida bo‘lib o‘tgan mahalliy saylovlarda mag‘lubiyatga uchragan hukmron Leyboristlar partiyasi deputatlari bosimi ostida iste’foga chiqishga majbur bo‘lgan Kir Starmerning o‘rnini egalladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing