Britaniyaning yangi hukumati Isroilga qurol sotishni to‘xtatadimi?

Olam

image

Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Lemmining Isroilning yaqinda majburan ko‘chirilgan falastinliklar boshpanasiga uyushtirgan va kamida 100 kishi, jumladan ayollar va bolalarning o‘limiga sabab bo‘lgan hujumini qoralashi aks tanqidlarga sabab bo‘ldi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.

Lemmi o‘zining X sahifasida post joylashi bilan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining noroziliklariga uchradi. Ular Falastin masalasida qayg‘urgan vazirga rasmiy London Isroilning davom etayotgan vahshiyliklarida va qurol yetkazib berishda ishtirok etganini eslatdi.

Shuningdek, xuddi shunday reaksiyaga Bosh vazir Kir Starmerning Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniyaning G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni qo‘llab-quvvatlovchi qo‘shma bayonoti ham duchor bo‘ldi. Britaniya Isroilga asosiy qurol yetkazib beruvchi davlat bo‘lib qolmoqda. Britaniya mudofaa sanoatining bu mamlakatga eksporti so‘nggi bir necha yil ichida yuzlab million dollarni tashkil etdi. 2023 yil 7 oktyabrda Isroil G‘azoga bostirib kirganidan buyon Britaniya hukumati Isroilga qurol sotishni to‘xtatish uchun mamlakatda katta jamoatchilik bosimiga duch keldi. Kanada, Belgiya, Niderlandiya, Ispaniya va Yaponiya kabi davlatlar ham xuddi shunday qadam tashlagan.

Rishi Sunak boshchiligidagi konservativ hukumat bu talablarga unchalik ahamiyat bermadi. Hokimiyatga kelgan Starmer va leyboristlar ushbu masala bo‘yicha ularning pozitsiyasi boshqacha bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi. Yaqinda Britaniya OAVda leyboristlar hukumati Isroilga qurol yetkazib berishga yashirin embargo joriy etgani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Biroq Vazirlar Mahkamasi vakili bu da’voni rad etdi. Uning ta’kidlashicha, hukumatning Isroilga yetkazib berish uchun eksport litsenziyalari bo‘yicha pozitsiyasida hech qanday o‘zgarishlar bo‘lmagan.

Bahs va aralash signallar fonida inson huquqlari bo‘yicha tashkilotlar va huquqshunos olimlar Buyuk Britaniya hukumatidan o‘z pozitsiyasini aniqlashtirishni talab qilmoqda. Ta’kidlanishicha, rasmiy Londonning xatti-harakatlari uning o‘t ochishni to‘xtatishni qo‘llab-quvvatlovchi bayonotlariga zid keladi va Isroilning jinoiy urushiga sheriklikda ayblash uchun asos yaratadi.

“Buyuk Britaniya hukumati Isroilni xalqaro huquqni hurmat qilishga chaqiruvchi quruq bayonotlar berishda davom etmoqda”, degan Falastinliklar uchun xalqaro adolat markazi huquqshunosi Zaki al-Sarraf.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroilga zudlik bilan qurol-yarog‘ embargosidan qochish “Buyuk Britaniya o‘z ittifoqchisi tomonidan sodir etilgan harbiy jinoyatlarga yordam berishdan hech qanday afsuslanmaydi”, degan ma’noni anglatadi.

Ma’lumot uchun, 2008 yildan 2023 yilning oxirigacha Buyuk Britaniya Isroilga 576 million funt sterling (740 million dollar) qiymatidagi qurol-yarog‘ bitimlari uchun eksport litsenziyalarini bergan. 2023 yilda berilgan qurol-yarog‘ bitimlarining umumiy qiymati 18,2 million funt sterlingga baholanmoqda, bu 2017 yilda berilgan 200 million funt sterlingdan ancha kam.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya Isroil Devid Lemmi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing