Britaniyalik harbiylar shahzoda Garrini xoinlikda aybladi

Olam

image

Avvalroq, Buyuk Britaniya shahzodasi Garri o‘z xotiralari bitilgan memuar asarda Afg‘onistondagi janglarda 25 kishini o‘ldirganini tan olgani haqida xabar bergan edik. Ammo britaniyalik harbiylar shahzodaning ushbu iqrorlariga nisbatan OAVda munosabat bildirib, uni xoinlikda aybladi.

“The Times” nashriga ko‘ra, 2003 yilda Iroqda amalga oshirilgan harbiy harakatlarda qatnashgan polkovnik Tim Kollinz shahzoda Garri o‘z avtobiografiyasida bu raqamlarni aks ettirib, soddalik qilib qo‘yganini aytgan.

“Armiya nima bo‘lishidan qat’iy nazar unga hamisha o‘z eshiklarini ochgan. Endi u o‘z oilasiga xiyonat qilganidek, bu ishonchga ham xiyonat qildi. Menimcha, u juda sodda. Nima qilayotgani va nima qilganini tushunmayapti. Buyuk Britaniya Afg‘onistonga  o‘z askarlarini odamlarni o‘ldirish uchun emas, qonuniy hokimiyat va Afg‘oniston xalqini himoya qilish uchun yuborgan”, deydi u.

“Daily Mail” nashriga ko‘ra, Mudofaa qo‘mondonligi rahbarining sobiq yordamchisi, general-mayor Jonatan Shou ham shahzoda Garri haqida o‘z fikrlarini bildirgan.

“Askarlar o‘zlari o‘ldirgan odamlar haqida gapirmaydi. Garrining aytganlari yozilmagan qoidalarga zid. Menimcha, u daromadga tashna bo‘lgan reklama jamoasining so‘zlaridan ilhomlanib ketgan”, degan u.

Afg‘onistondagi Britaniya armiyasida xizmat qilgan zaxiradagi polkovnik Richard Kemp shahzoda Garrining so‘zlari dushmanlarning Britaniyaga qarshi hujumlari propagandasi uchun xizmat qiladi, degan fikrda.

“The Daily Telegraph” nashri esa qirollik oilasining ismi oshkor qilinmagan do‘sti bilan muloqot qilgan. U shahzoda Garri oilasi bilan yarashishni xohlayotgani haqidagi da’volariga shubha bilan qaragan.

“U oilasi bilan yarashishni xohlayotganini aytadi, keyin esa orqadan pichoq uradi”, deydi Qirollik oilasining yaqin do‘sti.

Shuningdek, Britaniya OAV kitob atrofidagi mish-mishlarga ham e’tibor qaratgan. Qayd etilishicha, kitob o‘tgan yozdayoq tayyor bo‘lgan, biroq shahzodaga Qirolicha Yelizaveta II tirikligida kitobni nashr etib bo‘lmasligi aniq aytilganidan keyin u kitobni nashr etish haqidagi fikrini o‘zgartirgan. Ammo 2022 yilning sentyabr oyida Qirolicha vafotidan keyin hammasi o‘zgargan.

Qolaversa, taqdimoti joriy yilning 10 yanvar kuniga rejalashtirilayotgan va hali sotuvga chiqarilmagan kitobdagi ma’lumotlar qanday qilib yetakchi nashrlar tomonidan e’lon qilinayotgani ham aniqlangan. 5 yanvar kuni avtobiografiyaning ispan tilida sotuvga tayyorlangan nusxalari xatolik sabab Ispaniyadagi do‘kon peshtaxtalariga chiqib ketgan. Bu xato tezda tuzatilib, ispan tilidagi kitoblar peshtaxtalardan olib tashlangan bo‘lsa-da, bir qancha nusxalar jurnalistlar qo‘liga yetib borgan.

Eslatib o‘tamiz, shahzoda Garri muallifligidagi esdaliklar bitilgan 416 sahifali kitob taqdimoti joriy yilning 10 yanvar kuniga rejalashtirilgani haqida xabar bergan edik. Avvalroq, 6 yanvar kuni “Tolibon” harakatining yuqori martabali vakili Suhayl Shahin Afg‘onistondagi qotilliklari haqida gapirgan Garrini sudga topshirilishi va sudning insoniyatga qarshi jinoyatlarga oid savollariga javob berishi kerak ekanini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Buyuk Britaniya shahzoda Garri

Baholaganlar

2

Reyting

2.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing