Britaniyada koronavirus laboratoriyada ishlab chiqilganini isbotlovchi dalillar topildi

Olam

image

Britaniyalik professor Angus Dalglish va norvegiyalik virusolog Birger Sorensen koronavirusning sun’iy kelib chiqishi to‘g‘risida “dalil”ga ega ekanligini aytdi. Bu haqda “Daily Mail” yozmoqda.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, xitoylik olimlar Uxan laboratoriyasida SARS-Cov-2’ni ishlab chiqqan. So‘ngra, ular barcha izlarni go‘yoki virus tabiiy holda vujudga kelgandek yo‘q qilgan.

Ma’lum qilinishicha, Dalglish va Sorensen 2002 yildan 2019 yilgacha Uxan shahrida olimlar tomonidan o‘tkazilgan tajribalarni tahlil qilgan. Tahlil natijasida xitoylik olimlar Amerika universitetlari bilan hamkorlikdat SARS-Cov-2’ni yaratish uchun vositalar ishlab chiqqan degan xulosaga kelingan.

Dalglish va Sorensenning so‘zlariga ko‘ra, uxanlik mutaxassislar “tabiiy ravishda paydo bo‘lgan” virusni odam hujayralarida tez ko‘payishi uchun zararliroq qilishgan.

Ularning fikriga ko‘ra, xitoylik olimlar koronavirusning “asosini” g‘or ko‘rshapalaklaridan olgan, keyin unga virusni yuqumli va halokatli qiluvchi moddalar qo‘shgan.

Eslatib o‘tamiz, 30 mart kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) koronavirus kelib chiqishini bilish uchun mutaxassislarning Uxanga qilgan safari natijalari to‘g‘risida hisobotni e’lon qilgandi.

JSST hisobotida mutaxassislar virusning kelib chiqishi to‘g‘risida aniq xulosaga kela olmagani hamda infeksiya kelib chiqishining laboratoriya versiyasi ehtimoldan yiroqligi qayd etilgandi. 

Keyinchalik, ushbu hisobot ko‘plab tanqidlarga uchradi. Jumladan, AQSHning sobiq Davlat kotibi Mayk Pompeo Twitter'dagi sahifasida JSST mutaxassislarining koronavirus kelib chiqishi haqidagi hisobotini qattiq tanqid qilib, uning mualliflarini Xitoyning “dezinformatsiya kampaniyasini” qo‘llab-quvvatlashda aybladi.

O‘z navbatida Xitoy rasmiylari koronavirus masalasini siyosiylashtirmaslikka chaqirdi

Ma’lumot uchun, koronavirus “o‘chog‘i” bo‘lgan Xitoyning Uxan shahrida COVID-19 epidemiyasi 2019 yilning dekabr oyida boshlandi. 29 may holati bo‘yicha butun dunyo bo‘ylab ushbu virusni 170 milliondan ortiq odam yuqtirib oldi, 3 million 500 mingdan oshiq inson undan vafot etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

672

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing