Britaniyada gapiradigan to‘ti narkosavdogarlarni tutishda politsiyaga yordam berdi (video)

Olam

image

Buyuk Britaniyada gapiradigan to‘ti politsiyaga narkobanda faoliyatini fosh qilishda yordam berdi. Bu haqda “Daily Mail” xabar berdi.

“Mango” laqabli ushbu to‘ti narkotik savdogarlari yetakchisining tanishiga tegishli bo‘lgan. U jinoyatchilar narkotik savdosida ishlatadigan iboralarni, jumladan “ikki dona 25 ga” degan so‘z birikmasini yod olgan.

Politsiya Blekpul shahrida reyd o‘tkazib, katta miqdorda geroin va kokain musodara qilgan. Shu bilan birga, ular to‘tini ham topgan. Surishtiruvlar davomida aniqlanishicha, 35 yoshli Adam Garnett 2023 yildan 2024 yilgacha qamoqdan turib butun jinoyat tarmog‘ini boshqargan. Uning telefonida narkotik moddalar aks etgan videolar va to‘tining narkotikdan tushgan pullar bilan o‘ynayotgani hamda maxsus iboralarni aytayotgani yozib olingan videolar topilgan.

Natijada ushbu to‘daga aloqador jami 15 nafar odam sudga tortilgan. Garnettga 19,5 yil qamoq jazosi qo‘shilgan. To‘ti egasi – Garnettning tanishiga esa 12 yil berilgan. Ikki nafar sherik sudga kelmagan, shuning uchun ularga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. To‘tiga esa qanday “jazo” berilgani noma’lum.

Qayd etish joiz, AQSHda ham shunga o‘xshash holat bo‘lib o‘tgan edi. Gapiradigan to‘ti jinoyat ishining fosh etilishiga sabab bo‘lgan. 2015 yilda ayol uyida erini otib o‘ldirgan va so‘ngra o‘zini ham o‘ldirilgandek qilib ko‘rsatishga uringan. Lekin to‘ti aytilgan gaplarni yodlab, tergovchilarga muhim dalilni yetkazib bergan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kosta-Rika qamoqxonasida giyohvand moddalarni tashishda vosita sifatida ishlatilgan mushuk qo‘lga olingandi. Hayvonning tanasiga 235,65 gramm marixuana va 67,76 gramm geroin solingan paketlar bog‘langan.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya to'ti narkotik savdogarlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing