Britaniya valiahdi tankda Rossiya chegarasiga bordi (video)
Olam
−
22 mart
6648Buyuk Britaniya shahzodasi Uilyam NATOning Sharqiy Yevropadagi operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Estoniyaning Tapa shahrida joylashgan Britaniya kontingenti bazasiga bordi. Bu haqda BBC xabar berdi.
42 yoshli Uilyam qirol Charlzning to‘ng‘ich o‘g‘li va Britaniya taxtining vorisi hisoblanadi. Harbiy lagerda u harbiy texnikalarni ko‘zdan kechirgan va to‘liq harbiy libosda Challenger 2 tankida harakatlangan.
Bu shahzoda Uilyamning Estoniyaga ilk tashrifi. Mazkur voqea Buyuk Britaniya va boshqa Yevropa davlatlari tomonidan mudofaa xarajatlarining oshirilishi fonida amalga oshirilgan. Bunday o‘zgarishlar AQSH Prezidenti Donald Trampning NATO mamlakatlarini Yevropada xavfsizlikni ta’minlashga faolroq hissa qo‘shishga chaqirganidan keyin kuzatilmoqda.
Estoniyadagi ikki kunlik tashrifi davomida shahzoda Uilyam ko‘pmillatli harbiy kuchlar tarkibidagi 900 nafar britan askarlaridan ba’zilari bilan uchrashgan. Shahzoda uchun Tapa harbiy bazasi poligonida ekskursiya tashkil etilgan. Ushbu baza NATOning “Kabrit” operatsiyasi doirasidagi Buyuk Britaniya hissasining bir qismi bo‘lib, u zaif Boltiq mintaqasida alyansning “kollektiv xavfsizlik va mudofaasi”ni ta’minlashga qaratilgan.
Buyuk Britaniya “Kabrit” operatsiyasi doirasida Estoniya va Polshaga taxminan 900 harbiy jo‘natgan. Hozirda Britaniya NATOning sharqiy qanotida 2,6 mingdan ortiq harbiy xizmatchi va 730 ta harbiy texnikani joylashtirgan.
Shahzodaning kiyimida NATO belgisi bo‘lgan. Unga jangovar guruhning dala o‘quv jarayonlari ko‘rsatilgan va Estoniya hamda Fransiya harbiylari bilan tanishtirilgan. Shuningdek, u askarlardan Rossiyaga yaqin hududda xizmat qilish tajribasi haqida so‘ragan va bu o‘quv mashg‘ulotlari oldingilariga qaraganda qanchalik real tuyulishini qiziqib surishtirgan.
1991 yilda Estoniya mustaqilligini qo‘lga kiritishidan avval bu hududda sovet havo mudofaa bazasi joylashgan bo‘lib, u yerda MiG qiruvchi samolyotlari G‘arb bilan to‘qnashuvga tayyor turgan.
“Endi esa vaziyat teskari tomonga o‘zgardi: bu hududda Estoniya armiyasi va ularning NATOdagi ittifoqchilari joylashib, Rossiya bostirib kirishining oldini olish uchun xizmat qilmoqda. Bu strategik jihatdan muhim bo‘lgan harbiy baza kengayishda davom etmoqda va uning ko‘chalari NATO harbiy texnikasi bilan to‘lib bormoqda”, deyiladi xabarda.
Shahzoda nafaqat Challenger-2 tanki, balki Warrior piyodalar jangovar mashinasi, Fransiyaning Griffon jangovar mashinasi, reaktiv olov tizimi, Trojan muhandislik mashinasi bilan ham tanishgan, shuningdek, Archer mobil artilleriya tizimini boshqargan.
LiveBarchasi
Trenddagilar


