Britaniya va Isroil Eronga qarshi birlashdi
Olam
−
21 mart 2023
5546Buyuk Britaniya va Isroil Eronning mintaqaviy ta’siriga qarshi kurashish uchun birgalikda ishlamoqda. Bu haqda bugun, 21 mart kuni Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Jeyms Kleverlining Isroil Tashqi ishlar vaziri Eli Koenning Londonga tashrifi munosabati bilan bergan bayonotida aytiladi.
“Buyuk Britaniya va Isroil Eronning mintaqadagi ta’siri va antisemitizm kabi kengroq muammolarga qarshi birgalikda mustahkam turadi”, deyiladi bayonotda.
Britaniya TIV xabariga ko‘ra, 21 mart kuni ikki davlat vazirlari Isroil va bosib olingan hududlarda zo‘ravonlik avj olgani, shuningdek, Ukrainadagi mojaroni muhokama qiladi. Uchrashuv Buyuk Britaniya va Isroil o‘rtasidagi 2021 yilda tuzilgan anglashuv memorandumiga asoslangan 2030 yilgacha bo‘lgan ikki tomonlama munosabatlar bo‘yicha yo‘l xaritasini imzolash bilan yakunlanishi kerak.
“Yo‘l xaritasida yangi multimillion dollarlik dasturlar, jumladan texnologiya va innovatsiyalarni moliyalashtirish bo‘yicha ikki mamlakatni texnologik inqilobning oldingi saflarida ushlab turadigan 20 million funt sterlingga yaqin (24,5 million dollar) qo‘shma majburiyatlar e’lon qilingan”, deyiladi xabarda.
London ma’lumotlariga ko‘ra, Buyuk Britaniya va Isroil o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi yiliga taxminan 7 milliard funt sterling (8,5 milliard dollar)ni tashkil etadi. Qirollikda 400 dan ortiq yuqori texnologiyali kompaniya faoliyat ko‘rsatmoqda va ularda so‘nggi sakkiz yil ichida 16 mingga yaqin ish o‘rni yaratilgan.
Shuningdek, Isroil Tashqi ishlar vaziri Eli Koen ham Buyuk Britaniyaga kelgach, tashrif davomida britaniyalik mavqedoshi bilan Eronning yadro quroliga ega bo‘lishining oldini olish yo‘llarini muhokama qilish niyatida ekanini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Isroil AQSH bilan Eron yadro quroliga ega bo‘lishining oldini olish uchun o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olgan edi.
LiveBarchasi