Britaniya TIV rahbari besh yil ichida birinchi marta Xitoyga boradi
Olam
−
30 avgust 2023
2693Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Jeyms Kleverli bugun, 30 avgust kuni Pekinga boradi. Bu Qirollik Tashqi ishlar vazirligi rahbarining so‘nggi besh yildagi Xitoyga ilk safari bo‘ladi. Bu haqda Britaniya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytildi.
Bir kunlik tashrif davomida Kleverli Xitoyning vakolatli vakillari bilan ikki tomonlama munosabatlarni barqarorlashtirish va jahon kun tartibidagi dolzarb masalalarni, jumladan, Ukrainadagi urushni muhokama qiladi.
Kleverli xitoylik mavqedoshi Van I va Xitoy Raisi o‘rinbosari Xan Chjen bilan uchrashuvlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
“Vazir Xitoyni Ukrainadagi urushni tugatish, Janubiy Xitoy dengizidagi keskinlikni pasaytirish va kibermakondagi dushmanlik faoliyatini to‘xtatishga yordam berishga chaqiradi”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Bundan tashqari, Kleverli iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda mamlakatlarning birgalikdagi sa’y-harakatlarini muhokama qilish niyatida.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Jeyms Kleverli o‘sha paytdagi Xitoy Tashqi ishlar vaziri Sin Gan jamoat maydonida ko‘rinmay qolgani sababli Xitoyga safarini qoldirgandi. Ko‘p o‘tmay Sin Gan vazifasidan ozod qilindi va uning o‘rniga Xitoy Kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasi tashqi ishlar komissiyasi devonxonasi rahbari Van I yangi vazir sifatida tayinlandi.
LiveBarchasi