Britaniya Rossiyaning deyarli 30 mlrd yevrolik aktivlarini muzlatdi

Olam

image

Buyuk Britaniya Ukrainada to‘liq miqyosdagi urush boshlanganidan beri Rossiyaning umumiy qiymati 25 milliard funt sterlingdan oshiq (deyarli 30 mlrd yevro) aktivlarini muzlatib qo‘ydi. Bu haqda Buyuk Britaniya Moliya vazirligining Moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash boshqarmasi (OFSI) ma’lum qildi.

Idoraning bayonotida aytilishicha, London va uning ittifoqchilari Moskvaga qarshi “Rossiya hech qachon duch kelmagan eng qattiq sanksiyalarni” joriy etgan. OFSI hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya 2022 yil fevralidan buyon 400 milliard dollardan (475 milliard yevro) ortiq mablag‘ yo‘qotgan, bu esa to‘rt yillik harbiy xarajatlarga teng.

“Rossiyaning umumiy moliyaviy holati zaiflashdi va federal byudjet kamida 2026 yilgacha taqchillikda qolishi kutilmoqda. Rubl sezilarli darajada qadrsizlandi, Rossiya esa ishchi kuchi tanqisligiga duch kelmoqda, bu esa iqtisodiyotga yanada ortiqcha yuk. Inflyatsiya o‘sib bormoqda va uning sur’atlari belgilangan maqsadlarga nisbatan ancha yuqori. Yuqori foiz stavkalari va iqtisodiy izolyatsiya esa qarz olishni juda qimmatlashtirdi. Buyuk Britaniya sanksiyalari tufayli Rossiya armiyasi muhim yetkazib berishlar uchun Shimoliy Koreya va Eron kabi davlatlarga murojaat qilishga majbur bo‘ldi”, deyiladi bayonotda.

Ma’lumot uchun, Ukrainadagi urush boshlanganidan so‘ng G‘arb davlatlari Rossiyaning taxminan 280 milliard yevro miqdoridagi aktivlarini muzlatib qo‘ydi. Ularning katta qismi Yevropa Ittifoqida saqlanadi. Yevropa Ittifoqida Rossiya aktivlarini musodara qilish va ularni Ukrainaga yetkazilgan zararlarni qoplash uchun ishlatish masalasida bahslar davom etmoqda. Ba’zi Yevropa mamlakatlari bu fikrni qo‘llab-quvvatlasa, boshqalari bunga qarshi chiqmoqda. Ular, jumladan, ushbu aktivlarning foizlarini Kiyevga o‘tkazish imkoniyatini taklif qilmoqda.

20 mart kuni Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 1 milliard yevrolik yangi yordam ajratganini e’lon qildi. Ushbu kreditlarning to‘lovi Kiyev tomonidan Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan olingan foizlar hisobiga amalga oshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiya hukumati Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushgan foydadan Kiyevga yana 3 milliard dollar o‘tkazishi ma’lum qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Britaniya aktiv

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing