Britaniya Rossiyaning 18 milliard funt sterlinglik aktivlarini muzlatib qo‘ydi
Olam
−
10 noyabr 2022
3127Bugun, 10 noyabr kuni Buyuk Britaniya hukumati Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganidan beri rus oligarxlari, jismoniy va yuridik shaxslarning 18 milliardlik funt sterlingga teng aktivlarini muzlatib qo‘yganini ma’lum qildi.
Britaning Moliya vazirligining tarkibiga kiruvchi Moliyaviy sanksiyalarni amalga oshirish boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Liviya va Eronni ortda qoldirib, Britaniya tomonidan eng ko‘p sanksiyalangan davlatiga aylangan. Rossiyaning muzlatilgan aktivlari boshqa barcha davlatlarnikini qo‘shib hisoblaganda ham ulardan 6 milliard funtga ko‘proqdir.
G‘aznachilikning iqtisodiy kotibi Endryu Griffitning ta’kidlashicha, Buyuk Britaniya Rossiyaga nisbatan eng qattiq cheklovlarni kiritmoqda.
“Biz Rossiyaga nisbatan eng qattiq sanksiyalarni kiritdik va bu ularning urush mashinasini ishdan chiqarmoqda. Bizning maqsadimiz aniq. Biz Putinning bu shafqatsiz urushda muvaffaqiyat qozonishiga yo‘l qo‘ymaymiz”, degan Griffit.
Britaniya hozirgacha rossiyalik 1200 dan ortiq jismoniy shaxslar va 120 dan ortiq yuridik shaxslarga sanksiya joriy qilgan. Jumladan, Britaniya hukumati taniqli biznesmenlar va ularning kompaniyalarini, shuningdek, taniqli siyosatchilarni nishonga olgan.
Ma’lumot uchun, Buyuk Britaniya hukumati joriy yilning 24 fevralidan, ya’ni Moskva Ukrainaga qo‘shin kiritgan kundan boshlab Rossiyaning aktivlarini muzlatish va boshqa shu kabi sanksiyalarni joriy qila boshladi.
LiveBarchasi