Britaniya Rossiyani “bo‘g‘ishda” davom etmoqda

Olam

image

Buyuk Britaniya hukumati Rossiya Federatsiyasidan yana 26 nafar jismoniy va yuridik shaxsni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. Hujjatning yangilangan versiyasi Britaniya hukumatining saytida chop etilgan

Buyuk Britaniya “Rossiya temir yo‘llari” bosh direktori Oleg Belozerov, Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Igor Konashenkov, Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Nikolay Bogdanskiy, Favqulodda vaziyatlar vaziri vazifasini bajaruvchi Aleksandr Chupriyan va Rossiya maxsus operatsiyalari qo‘mondoni Valeriy Flyustikovga qarshi sanksiyalar kiritgan. 

Ro‘yxatda Qora dengiz floti qo‘mondoni o‘rinbosari vitse-admiral Arkadiy Romanov, “Moskva” kreyseri kapitani Anton Kuprin, ukrainalik siyosatchi Ilya Kiva, Rossiya Federatsiyasi Federal xavfsizlik xizmati direktorining birinchi o‘rinbosari Sergey Korolev, "Natsionalnaya oborona" jurnali bosh muharriri Igor Korotchenko, Taktik raketa qurollari bosh direktori Boris Obnosov, jurnalist Aleksey Pimanov, Havo-desant kuchlari qo‘mondoni Andrey Serdyukov, Harbiy-dengiz kuchlari Bosh shtabining sobiq rahbari Andrey Volojinskiy, tadbirkor German Xanning rafiqasi Anjelika Xan, shuningdek Britaniya rasmiylari Kiyev viloyati Bucha qishlog‘ida harbiy jinoyatlarni sodir etishda ishtirok etgan, deb hisoblaydigan “podpolkovnik Azatbek Omurbekov” ham bor.

Qirollik Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilishicha, sanksiyalar urushda vahshiylik qilgan generallarga hamda harbiylarni qo‘llab-quvvatlovchi korxonalar va shaxslarga nisbatan ham qo‘llanilgan.

Eslatib o‘tamiz, AQSH, Yevropa Ittifoqi, Kanada va boshqa davlatlar fevral oyi oxirida Ukrainadagi urush fonida Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qila boshladi. Moliyaviy va harbiy-sanoat sohalaridagi o‘nlab Rossiya kompaniyalari va oligarxlar cheklovlar ostida qoldi.

Mart oyi boshida AQSH Prezidenti Jo Bayden rossiyalik oligarxlarning jinoyatlarini tergov qilish bo‘yicha guruh tashkil etilishini e’lon qildi. U Amerika va Yevropa rasmiylari “yo‘l-yo‘lakay orttirilgan boylik” ortidan kelishlari, yaxtalari, hashamatli uylari, shaxsiy samolyotlarini tortib olishlari haqida ogohlantirdi.

Ertasi kuni AQSH 19 nafar tadbirkor va mansabdor shaxslar hamda ularning 47 nafar oila a’zolariga nisbatan sanksiyalar kiritdi. Oq uy cheklovlarga sabab sifatida “Prezident Vladimir Putinning Ukrainaga shafqatsiz bostirib kirishida uni qo‘llab-quvvatlagani”ni keltirdi.

AQSH “Transneft” rahbari Nikolay Tokarev, Boris va Arkadiy Rotenberglar, “Rostex” rahbari Sergey Chemezov, VEB.RF rahbari Igor Shuvalov, Yevgeniy Prigojin, USM Holdings asoschisi Alisher Usmonov hamda ularning bir qator kompaniyalari va qarindoshlarining aktivlarini muzlatib qo‘ydi. 

9 mart kuni Yevropa Ittifoqi 14 nafar rossiyalik tadbirkor va ularning oila a’zolariga nisbatan cheklovlar joriy qildi. Keyinchalik Buyuk Britaniya ham qo‘shimcha sanksiyalar kiritdi.

6 aprel kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning voyaga yetgan farzandlari, Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin va Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedevga nisbatan sanksiyalar joriy qilishini e’lon qildi. 

7 aprel kuni Avstraliya Rossiya elitasining 67 vakiliga qarshi sanksiya kiritdi. Shveysariya esa Rossiyaning 8 milliard dollardan ortiq aktivlarini blokladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

87

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing