Britaniya razvedkasini tarixda ilk bor ayol kishi boshqaradigan bo‘ldi
Olam
−
16 iyun 2025 3915 2 daqiqa
Britaniya Maxfiy razvedka xizmati (MI6) o‘zining birinchi ayol rahbariga ega bo‘ladi. Bu haqda hukumat matbuot xizmati xabar berdi.
Bosh vazir Kir Starmerga ko‘ra, joriy yilning kuzida ayni paydagi rahbar Richard Murning o‘rniga MI6’ning uzoq yillik xodimi Blez Metreveli ishga kirishadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xorijiy razvedka xizmatiga “tarixiy tayinlanish” razvedka idoralarining ishi “har qachongidan ham muhimroq” bo‘lgan bir vaqtda yuz berdi, chunki mamlakat “misli ko‘rilmagan darajada tahdidlar”, jumladan, dushman josuslari va xakerlik hujumlariga duch keldi. Tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi ham “global beqarorlik davrida” tashqi razvedka xizmati muhimligini ta’kidladi.
MI6 rahbari xizmatning ommaga ma’lum bo‘lgan yagona a’zosi bo‘lib, bevosita Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziriga hisobot beradi.
Ma’lumot uchun, 47 yoshli Blez Metreveli 1999 yilda Kembrij universitetida antropologiya bo‘yicha tahsil olayotganda MI6’ga qo‘shilgan. U hozirda MI6’ning texnologiya va innovatsiyalar bo‘limi boshlig‘i bo‘lib, avvallari ham xizmatda, ham ichki xavfsizlik uchun mas’ul bo‘lgan MI5 kontrrazvedka agentligida yuqori lavozimlarda ishlagan. Metreveli o‘z faoliyatining katta qismini Yaqin Sharq va Yevropada operativ ishlarda o‘tkazgan.
MI6’ning amaldagi rahbari Richard Mur esa agentlikni 2020 yildan beri boshqarib kelayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Byorns va MI6 rahbari Richard Mur ikki davlat duch kelayotgan “misli ko‘rilmagan tahdidlar” haqida ogohlantirgandi.
Live
Barchasi