Britaniya Nazarboyevning qaysi qarindoshlariga sanksiya qo‘llashi ma’lum bo‘ldi
Olam
−
04 fevral 2022
9522Kecha, 3 fevral kuni Britaniya parlamentida Buyuk Britaniyada qiymati yarim milliard funt sterlingdan ortiq mulkka ega bo‘lgan Qozog‘iston elitasi vakillariga berilgan “oltin vizalar” bo‘yicha tinglovlar bo‘lib o‘tgani hamda Qozog‘istondagi yanvar fojialari fonida elita vakillariga qarshi sanksiyalar joriy etish taklif qilingani haqida xabar bergan edik.
Britaniya Parlamenti tomonidan Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev oilasi va uning atrofida faoliyat yuritganlardan aynan kimlarga qarshi sanksiyalar qo‘llanishi mumkinligi ochiqlandi.
Britaniya Parlamenti taqdim etgan ro‘yxatning avvalini Nazarboyevning o‘rtancha kuyovi Timur Kulibayev, Qozog‘iston Parlamenti sobiq spikeri Nurlan Nigmatulin, “Nur Otan” partiyasi raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Bauirjon Baybek va qator davlat amaldorlari egallagan.
“Buyuk Britaniyani men nomini keltirgan shaxslarga qarshi korrupsiyaga aralashish aybi bilan sanksiyalar qo‘llash va ularning barcha aktivlarini musodara qilish uchun chora ko‘rishga chaqiraman”, degan britaniyalik deputat Margaret Xej Parlamentga qilgan murojatida.
Parlament vakiliga ko‘ra, Nazarboyevning o‘rtancha qizi Dinara Nazarboyevaning turmush o‘rtog‘i Timur Kulibayev va uning sherigi Arvind Tik o‘z mansab vakolatlarini suiiste’mol qilib Yevropada katta boylik orttirgan.
2020 yilda “Financial Times” e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Kulibayev yirik davlat quvurlarini yotqizish bo‘yicha shartnomalardan daromad olish uchun maxfiy sxemadan foydalangan. Boshqa mamlakatlarda unga nisbatan pul yuvish va pora olishda gumon qilinib, tergov harakatlari boshlangan. “Forbes” ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda uning boyligi 2,9 milliard dollarni tashkil etadi. Buyuk Britaniyada esa u kamida 60 million funt sterlingga teng ko‘chmas mulkka ega.
Bundan tashqari, Parlament ro‘yxatida Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi Darig‘a Nazarboyeva va uning turmush o‘rtog‘i deya taxmin qilinadigan Kayrat Sharipbayev ham bor.
Parlament vakilining bildirishicha, “Forbes” tomonidan 595 million dollarga baholangan Darig‘aning imperiyasi ofshor kompaniyalar, fondlar va trastlarning nihoyatda murakkab tizimi orqali yashirilgan. Uning Londondagi uchta ko‘chmas mulkiga nisbatan kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan mulk deya baho berilib, taqiqqa olish uchun order chiqarilgan.
Sharipbayevning esa Nazarboyevlar oilasiniki deya ko‘riladigan Qozog‘istondagi RBK bankidan tovlamachilik yo‘li bilan 334 million dollar undirgani aytilmoqda.
Ro‘yxatni Nazarboyevlar oilasining yana bir vakili, Darig‘aning o‘g‘li va sobiq prezidentning nabirasi Nurali Aliyev davom ettiradi.
Ma’lum qilinishicha, 21 yoshligida Nurali bobosining nomiga atalgan Qozog‘istondagi “Nurbank” xususiy bankining ijrochi direktoriga o‘rinbosar etib tayinlangan. Nazarboyevlar oilasining vakili 22 yoshga to‘lganida esa hukumat vakiliga aylangan.
Buyuk Britaniya sudining hujjatlarida u 2008 yilda o‘ziga tegishli kompaniya orqali bankdan 65 million dollar kredit olgani va keyinchalik esa yana boshqa kredit olgani ham ko‘rsatilgan. Nuralining advokatlariga ko‘ra, u pullarning bir qismini Londonning Bishops-avenyu hududidan 39,5 million funt sterling miqdoridagi uyni sotib olish uchun sarflagan.
Britaniya Parlamenti e’lon qilgan ro‘yxatning keyingi qismlarida Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq raisi Karim Masimov va uning hamkasbi Aygul Nuriyeva, qozog‘istonlik biznesmen Vladimir Kim hamda uning sherigi Eduard Ogay, yana bir biznesmen Kenes Rakishev, “Qozog‘iston Temir Yo‘llari” Milliy kompaniyasi sobiq rahbari Sauat Minbayevni ko‘rish mumkin.
Ro‘yxatni Birinchi Prezidentning kenja qizi Aliya Nazarboyeva va Elboshining ukasi Bolat Nazarboyev hamda bir qancha sobiq davlat rahbarlari, vazirlar va biznesmenlar yakunlagan.
LiveBarchasi