Britaniya Moskvadagi terakt bahona Putin Ukrainaga hujumni kuchaytirishidan xavotirda  

Olam

image

Britaniya Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Moskvadagi terakt bahona Ukrainaga qarshi urushni kuchaytirishidan xavotirda. Bu haqda "The Telegraph" nashri o‘z manbalariga tayanib, xabar berdi.

Gap shundaki, Moskva yaqinidagi "Krokus Siti Holl"ga qurolli hujumdan 19 soat o‘tib rossiyaliklarga murojaat qilgan Vladimir Putin teraktning barcha to‘rt ijrochisi Ukraina hududida yashirinishga harakat qilgani haqida gapirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, "ular uchun Ukraina tomonida chegaradan o‘tish uchun tuynuk tayyorlangan".    

Nashrning yozishicha, yana Putin hujumchilarni "natsistlar" deb atagan, bu Kremlning "ukrainalik dushmanlari uchun ko‘p ishlatiladigan kodli so‘zidir". 

"The Telegraph"ning Uaytxolldagi nomini oshkor qilishni istamagan yuqori martabali manbasining aytishicha "Rossiya Prezidentining Moskvadagi fojiali terrorchilik uchun Kiyevni balogardon qilishga urinishi bejiz emas". Putin shu orqali Rossiyadagi urushga qarshi har qanday norozilikni so‘ndirib, xalqni o‘z yo‘rig‘iga solishga urinyapti. 

Britaniya parlamenti deputati, tashqi ishlar qo‘mitasi raisi Alisiya Kernsga ko‘ra, Rossiya ommaviy axborot vositalari allaqachon Ukrainani ayblash va Putinni Ukrainadagi urush jinoyatlarini himoya qilishni boshlab yuborgan.

Jumladan, yarim milliondan ortiq obunachiga ega bo‘lgan "Starshe Eddi" harbiy Telegram-kanali muallifi teraktni Rossiya qo‘shini harakatlariga javob deb atagan. Davlat dumasi deputati Aleksandr Xinshteyn terrorchi boshqaruvidagi mashina Bryansk oblastining Karachevskiy rayonida, Ukraina tomonga olib boruvchi trassa bo‘yida joylashgan Xatsun qishlog‘ida to‘xtatilganini ma’lum qilgan. Bu esa ko‘plab kanallar orqali ulashilgan.

Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova ham terrorchilarning Ukrainadan panoh topayotganini aytib o‘tgan. U Ukraina "g‘arbdagi liberal rejimlar qo‘li bilan o‘n yil ichida Yevropadagi terrorizm tarqalish markaziga aylanib, ekstremistik zaharlanishda hatto Kosovoni ortda qoldirgani"ni ta’kidlagan.

AQSH rasmiylari ham bundan xavotirda ekanliklarini aytib, hujumda Kiyevni ayblash Moskva uchun urushning avj olishini oqlash yoki frontga ko‘proq rossiyalik yollanganlarni chorlash ekanini taxmin qilyapti.

Ayni paytda AQSH va Buyuk Britaniya hujum ortida ISHIDning Afg‘onistondagi bo‘limi hisoblangan "Xuroson viloyati yacheykasi" turganini iddao qilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Putin Ukraina urush Britaniya hujum xavotir Moskvadagi terakt

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing