Britaniya Eron sababli Kiprga qiruvchi samolyotlar yubordi
Olam
−
07 fevral 1709 2 daqiqa
Buyuk Britaniya AQSHning Eronga ehtimoliy zarbasi fonida xavfsizlikni kuchaytirish maqsadida Kiprdagi Akrotiri aviabazasiga qiruvchi samolyotlar yubordi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “The Times” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, oltita F-35B samolyoti allaqachon orolda joylashgan Typhoon qiruvchilariga qo‘shiladi. Iroq va Suriyada zarba berish hamda patrul vazifalarini bajarayotgan Typhoon’lardan farqli ravishda, eng yangi F-35B’lar Eronga doir vaziyat keskinlashib ketishi ehtimoliga qarshi “sug‘urta” sifatida mudofaa rolida joylashtirilgan.
Kecha, 6 fevral kuni AQSHning Tehrondagi elchixonasi Amerika fuqarolarini zudlik bilan Eronni tark etishga chaqirib, aviqatnovlar buzilishi ehtimoliga qarshi quruqlikdagi chegaralar orqali evakuatsiya rejasi bo‘lishini tavsiya qildi. Bungacha AQSH Prezidenti Donald Tramp Islom Respublikasiga “juda kuchli zarba” berish bilan bir necha bor tahdid qilgan va uning qirg‘oqlari tomon aviatsiya tashuvchi kema boshchiligidagi “ulkan armada” harbiy kemalar yuborilganini ma’lum qilgan edi.
AQSH, shuningdek, Yaqin Sharqqa qo‘shimcha havo mudofaa vositalarini, jumladan, THAAD majmuasini ham ko‘chirmoqda – bu qo‘shinlar va ittifoqchilarni Eronning ehtimoliy javob zarbasidan himoya qilish uchun. Tahdidlarga javoban Tehron AQSHning har qanday yangi hujumi mintaqaviy urushga olib kelishini ogohlantirib, Fors ko‘rfazidagi Amerika bazalariga zarba berishga va’da berdi.
Shu fonda kecha, 6 fevral kuni Ummonda AQSH va Eron delegatsiyalari o‘rtasida yadro dasturi bo‘yicha muzokaralar boshlandi. Bugun, 7 fevral kuni Tramp Eron “bitim tuzishni juda xohlayotgani”ni, biroq AQSH Tehrondan yadro qurolini ishlab chiqishdan to‘liq voz kechishni talab qilib, imzolashga shoshilmayotganini aytdi. Bungacha Tramp agar Vashington Tehron bilan kelishuvga erisha olmasa, “yomon voqealar yuz berishi”ni ogohlantirgan edi. Ummondagi muzokaralardan so‘ng AQSH Eronning neft eksportiga qarshi yangi sanksiyalar e’lon qildi.