Britaniya arxividan AQSH Mustaqillik deklaratsiyasining noyob nusxasi topildi
Olam
−
03 iyul 3079 2 daqiqa
Buyuk Britaniyaning g‘arbiy Londondagi Kyu shaharchasida joylashgan Milliy arxivida AQSHning Mustaqillik deklaratsiyasi ilk bosma nusxalaridan biri tasodifan topildi. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, mutaxassislar uni dunyoda saqlanib qolgan atigi 11 ta nusxadan biri va AQSH tashqarisida aniqlangan yagona nusxa deb baholamoqda. Topilma arxiv ko‘ngillisi Maykl Skarr XVIII asrga oid Britaniya Qirollik dengiz floti hujjatlarini ro‘yxatga olayotgan paytda aniqlangan. U hujjatni ochgach, birinchi satrlarni darhol tanib qolgan.
“Menimcha, buni ko‘rishingiz kerak”, degan u rahbariga murojaat qilib.
Mutaxassislarning aniqlashicha, hujjat Deklaratsiyaning “Ekseter bosmasi” deb ataluvchi nusxasi bo‘lib, 1776 yil 16–19 iyul kunlari Nyu-Hempshir shtatidagi Ekseter shahrida chop etilgan. Bu davrda Filadelfiyada 4 iyul kuni qabul qilingan Mustaqillik deklaratsiyasi haqidagi xabar Amerika mustamlakalari bo‘ylab tarqalayotgan edi.
Buyuk Britaniya Milliy arxivi mutaxassisi Grem Murning so‘zlariga ko‘ra, ushbu hujjatning eng muhim jihati uning arxivga qanday kelib qolgani haqidagi to‘liq tarix saqlanib qolganidir. Hujjat 1776 yilning dekabrida Ispaniya sohillari yaqinida Britaniya harbiy kemasi tomonidan qo‘lga olingan Dalton nomli Amerika xususiy harbiy kemasining (privateer) hujjatlari orasidan chiqqan. Boshqa muhim hujjatlar Admiraltey sudiga yuborilgan bo‘lsa, mazkur Deklaratsiya shunchaki “yana bir hujjat” sifatida qayd etilgan va ikki asrdan ortiq vaqt davomida dengiz arxivida unutilib qolgan.
Tadqiqotchilarning fikricha, kema kapitani Eliezer Jonson ushbu nusxani Nyu-Hempshirdagi Portsmut shahrida sotib olgan bo‘lishi mumkin. U Britaniya tomonidan asirga olingach ham o‘zini AQSH fuqarosi deb atagan. O‘sha paytda bu Britaniya qirolligiga qarshi xiyonat sifatida baholanardi.
Arxivning huquqiy hujjatlar bo‘limi rahbari Amanda Bevan kapitan kemada Deklaratsiyani 120 nafardan ortiq dengizchiga ovoz chiqarib o‘qib bergan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan.
Hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, Dalton Yevropa suvlarida qo‘lga olingan birinchi Amerika xususiy harbiy kemasi bo‘lgan. Ekipaj tarkibida ingliz, irland, shotland, fransuz, daniyalik va amerikalik dengizchilar bilan birga Deniyel Kottl ismli ozod qora tanli amerikalik ham bo‘lgan. Tarixchilar bu Amerika inqilobi davrida ozod qora tanlilar har ikki tomonda ham jang qilganini ko‘rsatuvchi muhim dalillardan biri ekanini ta’kidlamoqda.
Ma’lumot uchun, AQSH 1776 yil 4 iyul kuni Buyuk Britaniya mustamlakaligidan mustaqillikka erishgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Antverpen butunjahon olmos markazi (AWDC) AQSH Prezidenti Donald Trampga mamlakat mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan 321 ta tabiiy brilliant qo‘yilgan oltin uzuk sovg‘a qilgan edi.