BRICS yetakchilari G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi

Olam

image

BRICS mamlakatlari yetakchilari Isroil qo‘shinlarini G‘azo sektori va barcha bosib olingan Falastin hududlaridan to‘liq olib chiqib ketishga, shuningdek, G‘azo sektorida barqaror va shartsiz o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirmoqda. Bu haqda Braziliyadagi sammitning yakuniy deklaratsiyasida so‘z boradi.

Hujjatda ta’kidlanishicha, BRICS a’zolari G‘azo sektorini o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritishi kerak bo‘lgan Falastin davlatining ajralmas qismi deb biladi. BRICS yetakchilari Falastin anklaviga gumanitar yordam yetkazilishini ta’minlash zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, ular isroillik garovga olinganlar va falastinlik asirlarni tezroq ozod qilishga chaqirdi.

Bundan tashqari, deklaratsiya mualliflari G‘azo va Iordan daryosining g‘arbiy sohilini Falastin davlati ma’muriyati boshqarishi kerakligini ta’kidlagan.

Shuningdek, BRICS Suriyaning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligiga sodiqligini bildirdi, Eronga berilgan zarbalarni qoraladi.

Ta’sischilari Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika bo‘lgan BRICS jahon iqtisodiyotida asosiy o‘rinni egallaydi. Rio-de-Janeyrodagi BRICS sammiti ikki kun davom etdi. Rossiya tomonidan Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ishtirok etdi. Prezident Vladimir Putin video havola orqali tadbirga qo‘shildi.

So‘nggi 12 yil davomida BRICS sammitlarida qatnashib kelgan Xitoy yetakchisi Si Szinpin ham Braziliyaga Bosh vazir Li Syanni yubordi. 
Sammitda BRICS'ga a’zo davlatlar (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Afrika Respublikasi, Misr, Eron, BAA, Efiopiya va Indoneziya), qo‘shilish jarayonini yakunlamagan Saudiya Arabistoni, 10 ta hamkor davlat (xususan, O‘zbekiston), 8 ta taklif etilgan davlat, 9 ta xalqaro va mintaqaviy tashkilot ishtirok etdi. Taklif etilgan davlatlar qatoriga Turkiya, Ozarbayjon, Falastin, Keniya, Kolumbiya, Meksika, Chili va Urugvay kiradi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo BRICS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing