BRICS Trampning bojlarini tanqid qildi
Olam
−
07 iyul 3520 2 daqiqa
BRICS davlatlari savdoni buzuvchi va Jahon savdo tashkiloti qoidalariga to‘g‘ri kelmaydigan bir tomonlama tarif va notarif choralarining o‘sishidan jiddiy xavotir bildirdi. Bu haqda kecha, 6 iyul kuni e’lon qilingan Rio-de-Janeyrodagi BRICS sammiti deklaratsiyasida so‘z boradi.
“Bunday chora-tadbirlar jahon savdosini yanada qisqartirish va global ta’minot zanjirlarini buzish bilan tahdid qiladi, bu esa mavjud iqtisodiy nomutanosiblikni kuchaytirishi va global iqtisodiy istiqbollarga ta’sir qilishi mumkin”, deb hisoblaydai BRICS'ga a’zo mamlakatlar.
AFP'ning yozishicha, hujjatda Amerika Qo‘shma Shtatlari yoki uning Prezidenti Donald Tramp to‘g‘ridan to‘g‘ri tilga olinmagan bo‘lsada, ”bu Pensilvaniya avenyusi, 1600da (Vashingtondagi Oq uy joylashgan manzil) yashovchiga qaratilgan aniq siyosiy salvo”,
O‘sha kuni AQSH Moliya vaziri Skott Bessent AQSH ma’muriyati savdo muzokaralarida muvaffaqiyatga erishmagan davlatlar uchun 1 avgustdan boshlab bojxona to‘lovlarini tiklash niyatida ekanini aytdi. Bu Tramp 2 aprelda e’lon qilgan, ammo keyinga qoldirgan bojlarga tegishli. Hozirda 10 foizlik bazaviy tarif stavkasi qo‘llanilmoqda, biroq ba’zi mamlakatlarda bir necha barobar yuqori boj to‘lovlari mavjud.
AQSH allaqachon BRICS a’zosi Xitoy bilan o‘zaro bojlarni 120-140% dan 10-30% gacha kamaytirish bo‘yicha vaqtinchalik kelishuvga erishgan.
Ma’lumot uchun, BRICS dastlab to‘rtta davlatning birlashmasi edi: Braziliya, Rossiya, Hindiston va Xitoy. 2010 yilda ularga Janubiy Afrika, 2024 yil boshida esa Eron, Misr, Efiopiya va Birlashgan Arab Amirliklari, keyinroq Indoneziya qo‘shildi. Hozirda dunyo aholisining yarmiga yaqini blok mamlakatlarida istiqomat qiladi va ularning umumiy iqtisodiyoti jahon umumiy iqtisodiyoti hajmining 40 foiziga yetgan.
Rio-de-Janeyrodagi BRICS sammitida Xitoy rahbari Si Szinpin ham, Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon ham qatnashmadi. Xalqaro jinoiy sud tomonidan 2023 yil aprelida hibsga olish to‘g‘risida order berilgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham tadbirda shaxsan qatnashmadi, lekin video aloqa orqali so‘zladi.
Live
Barchasi