BRICS sammitida yopiq eshiklar ortida nima muhokama qilindi?
Olam
−
23 avgust 2023
6824Kecha, 22 avgust kuni Yoxennesburgdagi BRICS sammitining birinchi kunida biznes-forum bo‘lib o‘tdi. Kechqurun, forumning yakuniy sessiyasida davlatlar rahbarlari uning ishtirokchilariga murojaat qildi va shundan so‘ng BRICS’ga a’zo davlatlar yetakchilari yopiq majlisda muhokamani boshladi. Bu haqda diplomatik doiralariga tayanib, TASS xabar qildi.
Aytilishicha, yopiq eshiklar ortida o‘tgan majlisda hozirgi jahon siyosatining eng muhim taraflari, shuningdek, BRICS’ni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
“Summer Place mehmonxona majmuasida yopiq eshiklar ortida o‘tkazilgan yig‘ilishning oldindan kelishilgan kun tartibi yo‘q edi. Unda har bir ishtirokchi bir-biri bilan muhokama qilish uchun zarur deb hisoblagan har qanday masalani ko‘tarishi mumkin”, deydi manba.
Sammitga raislik qilayotgan Janubiy Afrika Prezidenti Siril Ramafosa Summer Place’dagi yig‘ilishga ketayotib, u yerda BRICS’ga yangi a’zo davlatlarni qabul qilish orqali kengaytirish istiqboli muhokama qilinishini aytgan.
Muhokamalardan ma’lum bo‘lishicha, BRICS yetakchilari 3-5 davlat uchun tashkilotga a’zolik istiqbolini ochishga moyil. Bugungi kunga qadar 22 davlat BRICS’ga a’zo bo‘lish uchun rasmiy ariza topshirgan.
Bugun, 23 avgust kuni ertalab bo‘lib o‘tadigan sammitning yalpi majlisi kun tartibiga ham BRICS’ni kengaytirish masalasi kiritilgan. Shundan so‘ng, Ramafosa matbuot anjumanida so‘zga chiqib, BRICS rahbarlarining tashkilotni kengaytirish to‘g‘risidagi qarorini e’lon qilishi kutilmoqda.