BRICS sammitini o‘tkazish Rossiyaga qanchaga tushdi?
Olam
−
26 Oktabr
17662Joriy yil 22-24 oktyabr kunlari Rossiyaning Qozon shahrida BRICS birlashmasi davlatlarining 16-sammiti bo‘lib o‘tdi. Rossiya mazkur sammitni tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarga 25 milliard rubl sarflagan. Bu haqda Tatariston bosh vaziri o‘rinbosari va hukumat apparati rahbari Shamil G‘afarovga tayanib, RBK xabar berdi.
Qayd etilishicha, sammitda 30 ga yaqin mamlakat vakillari qatnashgan. Shamil G‘afarovga ko‘ra, sammit uchun inshootlar va infratuzilmani tayyorlashga federal hamda respublika byudjetidan qariyb 25 milliard rubl (206 mln 898 ming dollar) ajratilgan. Lekin bu to‘liq raqam emas. Chunki, mablag‘lar xususiy investorlar tomonidan ham jalb qilingan.
Qozon aeroportida olti oy ichida yangi perron qurilgan. Ishlar joriy yil aprel oyida boshlangan va 15 oktyabrga kelib ob’ekt foydalanishga topshirilgan. Ushbu loyiha 7,7 milliard rublga (79 mln 655 ming dollar) tushgan.
Cammitga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 22 ta mehmonxonada qurilish, ta’mirlash va pardozlash ishlari amalga oshirilgan. Xususan, 14 ta mehmonxonada “lyuks” va “prezident” toifasidagi xonalar jihozlangan.
Sammit Qozonga 42 ta delegatsiyadan 5255 nafar ishtirokchini to‘plagan. Yuqori martabali mehmonlar kelishi munosabati bilan har biri taxminan ikki kilogramm bo‘lgan 55 lagan chak-chak tayyorlangan. Uch kun davomida sammit uchun jami 300 kilogramm ushbu taom tayyorlangan.
“Miss Tatarstan” jamoat tashkiloti rahbari Izolda Saxarovaga ko‘ra, delegatsiyalarni aeroportda 55 nafar model kutib olgan. Sammit uchun jami 150 nafar qiz jalb qilingan. Aeroportda doimiy ravishda uch nafar modeldan iborat besh guruh navbatchilik qilgan, vaqti-vaqti bilan guruh tarkibi o‘zgarib turgan. Kutib oluvchilar orasida erkak modellar ham ishlagan. Ular jami 20 ga yaqin kishi bo‘lgan. Sammitning birinchi raqamli shaxslarini kutib olish uchun faxriy qorovul Qozon qizil bayroqli tank bilim yurti kursantlaridan tashkil etilgan.
Shuningdek, delegatsiyalar aeroportdan yashash joylariga yetib borguncha harakatlangan yo‘llarda yoritish tizimi yangilangan, jamoat transporti bekatlari va turarjoy binolari fasadlari ta’mirlangan, yo‘l qoplamasi tiklangan, yerusti va yerosti piyodalar o‘tish joylari qurilgan va yangilangan. Bundan tashqari, yangi “Elmay” bolalar bog‘i yaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BRICS sammitiga borganlar qanday taomlar bilan siylangani haqida xabar berilgan edi. Kechki ovqat menyusiga an’anaviy tatar taomlari kiritilgan. Xususan, delegatsiyalarga qistibi – kartoshka pyuresi bilan to‘ldirilgan an’anaviy non, osetrina balig‘i va qo‘ziqorinli chuchvara, shuningdek, qo‘zichoqning dimlangan oyog‘i tortilgan.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr