BRICS sammitida qatnashgan Guterrish Ukrainada “adolatli tinchlik” o‘rnatishga chaqirdi
Olam
−
25 Oktabr
3332Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish kecha, 24 oktyabr kuni Qozondagi BRICS sammitida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan gaplashar ekan, Ukrainada “adolatli tinchlik” o‘rnatilishiga chaqirdi. Bu haqda AFP xabar berdi.
“Bizga Ukrainada tinchlik kerak. Adolatli dunyo – BMT Nizomi, xalqaro huquq va Jahon tashkiloti Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasiga muvofiq bo‘ladi”, degan Guterrish.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “barcha davlatlarning suvereniteti, hududiy yaxlitligi va siyosiy mustaqilligi tamoyillarini” hurmat qilish zarur.
O‘z navbatida, Putin Rossiya Federatsiyasida jang maydonida strategik mag‘lubiyatga uchratish rejalarini illyuziya deb atagan.
“Hozir ular mamlakatimizni strategik mag‘lubiyatga uchratish maqsadini yashirishmayapti. Ochig‘ini aytaman, bu xayoliy hisob-kitoblar, ularni faqat Rossiya tarixini bilmaganlar amalga oshirishi mumkin”, dedi u.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi 2022 yil aprelidan beri ilk bor Rossiyada.
BRICS’da so‘zlagan Guterrish, shuningdek, G‘azo sektorida “zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish”, isroillik garovga olinganlarni ozod qilish va Livandagi “harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish”ga chaqirdi.
Avvalroq, 23 oktyabr kuni Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Josep Borrelning matbuot kotibi Piter Stano sammitning barcha ishtirokchilari, jumladan Guterrishni Putindan Ukrainadagi urushni zudlik bilan to‘xtatishni talab qilishga chaqirgan edi. Stanoning so‘zlariga ko‘ra, BMT Bosh kotibi Putindan “Rossiya qo‘shinlarini Ukraina hududidan zudlik bilan va so‘zsiz olib chiqib ketishini” talab qilishi kerak.
Guterrish vakili Farxan Haqning 22 oktyabr kuni aniqlik kiritishicha, xalqaro tashkilot rahbari “Qora dengizda xavfsiz navigatsiyani tiklash bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettiradi, bu global oziq-ovqat va energiya xavfsizligi, ayniqsa, dunyo mamlakatlarining eng zaif qatlamlari uchun katta ahamiyatga ega.”
Kiyev esa Guterrishni BRICS sammitida qatnashgani uchun keskin tanqid qildi.
“BMT Bosh kotibi Ukrainaning Shveysariyada bo‘lib o‘tgan birinchi Global tinchlik sammitiga taklifini rad etdi. Biroq u harbiy jinoyatchi Putinning Qozonga taklifini qabul qildi. Bu tinchlik ishini ilgari surmaydigan noto‘g‘ri tanlovdir. U faqat BMTning obro‘siga putur yetkazyapti”, deyiladi Ukraina Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
Yevropa Ittifoqiga ko‘ra, Putin o‘zining siyosiy maqsadlariga erishish uchun Qozondagi BRICS sammitini suiiste’mol qilmoqda. Xususan, u Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi tufayli G‘arb tomonidan kiritilgan sanksiyalarga qaramay, Rossiya tashqi siyosatda yakkalanib qolmaganligini ko‘rsatishga intiladi.
“Ayni paytda Vladimir Putin xalqaro qidiruvga berilgan harbiy jinoyatchi”, dedi Piter Stano.
Shuningdek, u o‘z bayonotida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anni BRICS sammitida qatnashgani uchun ham bilvosita tanqid qildi.
“Yevropa Ittifoqi YeIga qo‘shilish uchun nomzod bo‘lgan davlatlardan o‘z tashqi siyosatini Yevropa pozitsiyasiga moslashtirishni kutadi”, dedi u.
Ma’lumot uchun, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin raisligida o‘tkazilgan tadbirda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramafosa, Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Vetnam Sotsialistik Respublikasi Bosh vaziri Fam Min Tin, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, boshqa bir qator davlatlar, xalqaro tashkilotlar va moliyaviy tuzilmalarning rahbarlari hamda yuqori darajali vakillari ishtirok etdi.
LiveBarchasi