Braziliyada talabalar avtobusi halokatga uchradi. Qurbonlar bor
Olam
−
22 fevral
1096Kecha, 21 fevral kuni Braziliyada talabalarni olib ketayotgan avtobusning yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketishi oqibatida 12 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda G1 xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu baxtsiz hodisa mamlakatning San-Paulu shahrida yuz bergan. To‘qnashuv yuk mashinasi haydovchisining boshqaruvni yo‘qotib qo‘yishi tufayli sodir bo‘lgan. Erkak voqea joyidan qochib, politsiyachilardan yashiringan. Keyinroq hibsga olinib, shifoxonaga olib ketilgan.
Qayd etilishicha, talabalarni olib ketayotgan avtobusda 30 kishi bo‘lgan. Baxtsiz hodisadan keyin avtobusning chap tomoni butunlay vayron bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 19 kishi jarohat olgan va 12 kishi halok bo‘lgan.
“Talabalarning ba’zilari bu yil o‘qishni boshlagan, ba’zilari uchun darsning uchinchi kuni edi”, deyiladi xabarda.
Ushbu hodisadan so‘ng, universitetda uch kunlik rasmiy motam e’lon qilingan va darslar to‘xtatilgan.
Nashrga ko‘ra, fuqarolik politsiyasi avtohalokat sababini aniqlash uchun tergov boshlagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 fevral kuni Braziliyaning San-Paulu shahrida samolyot ichida yo‘lovchilari bo‘lgan avtobus ustiga qulab tushgandi. Hajmi kichik bo‘lgan King Air F90 samolyoti San-Pauluda favqulodda qo‘nishga urinib ko‘rgan, ammo u qo‘nishni amalga oshirolmay, avtomobil yo‘liga qulab tushgan. Hodisa oqibatida ikki kishi halok bo‘lgandi.
LiveBarchasi
Trenddagilar
