Braziliyada sobiq prezidentga jinoiy ish ochildi
Olam
−
19 fevral
2068Braziliya Bosh prokuraturasi sobiq prezident Jair Bolsonaruga 2022 yilgi saylovda mag‘lub bo‘lgandan so‘ng davlat to‘ntarishiga urinish aybi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Bu haqda AP News xabar berdi.
Nashrning yozishicha, 69 yoshli Bolsonaru va 33 nafar gumonlanuvchiga jinoiy guruh tuzish va demokratik jarayonlarga aralashishga urinish kabi jami 5 ta ayblov qo‘yilgan.
“Ayblov hujjatlarida demokratiyaga qarshi tashkil etilgan va amalga oshirilgan fitna batafsil yoritilgan”, deya ma’lum qildi Braziliya Bosh prokurori Paulo Gonet Branko.
Jumladan, Bolsonaru ayblovlarni bir necha bor rad etib, o‘zini siyosiy ta’qib qurboni deb atagan.
“Fuqarolar va harbiylar ishtirokidagi bu guruh 2022 yilgi prezidentlik saylovi natijalarini tasdiqlash jarayoniga to‘sqinlik qilishga harakat qilgan”, deyiladi prokuratura bayonotida.
Ma’lumot uchun, Bolsonaru 2019 yildan 2023 yilgacha mamlakat prezidenti bo‘lib ishlagan, o‘shanda uning o‘rniga Luis Inasiu Lula da Silva kelgan. 2023 yil yanvar oyida Bolsonaru tarafdorlari uning saylovdagi mag‘lubiyatidan norozi bo‘lib, mamlakat poytaxti Braziliyada norozilik namoyishlari va tartibsizliklar uyushtirdi. Ular hukumat binolarini egallab olishga harakat qilgan. Prezident saroyi, parlament va Oliy sud binosi bosib olingan. Namoyishlar politsiya tomonidan bostirilgan. O‘sha vaqtda Bolsonaru AQSHda bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Argentina Prezidenti Xaver Miley Libra nomli memkoin mojarosi markazida qolgani haqida xabar berilgandi. U ushbu kriptovalyutaning sudxo‘rlik loyihasi bilan aloqadorlikda ayblanmoqda. Memkoinning narxi Miley uni qo‘llab-quvvatlovchi post e’lon qilganidan so‘ng keskin ko‘tarilib, kapitalizatsiyasi 4,5 milliard dollarga yetgan. Biroq atigi uch soat ichida u 95 foizga qulagan. Chunki insayderlar bu tokenni katta miqdorda sotishni boshlagan. Shundan so‘ng muxolifat Prezidentga impichment e’lon qilishni talab qilgan, shuningdek, yuristlar Mileyga qarshi sudga da’vo arizasi topshirgan. Prezident esa loyihaga hech qanday aloqasi yo‘qligini ta’kidlab, korrupsiyaga qarshi organlarga mustaqil tergov o‘tkazishni topshirgan.
Mohimbegim Ma’rufaliyeva
LiveBarchasi
24 mart