Braziliyada Pfizer bilan emlangan 10 yoshli bolaning yuragi to‘xtab qoldi

Olam

image
0:00
0:00
download

Braziliyada yangi turdagi koronavirus infeksiyasiga qarshi emlangan 10 yoshli bolaning yuragi to‘xtab qoldi. Bu haqda San-Paulu shtatidagi Lensoys-Paulista shahri ma’muriyatiga tayanib, TASS ma’lum qildi. 

“10 yoshli yigitchaning yuragi bolalar uchun mo‘ljallangan Pfizer vaksinasini olganidan so‘ng to‘xtab qoldi”, deyiladi mahalliy hukumat bayonotida. 

Qayd etilishicha, reanimatsiyadan so‘ng bola o‘ziga kelgan, ahvoli barqaror, shifokorlar nazoratida. Shahar ma’muriyatiga ko‘ra, bola astma kasalligidan aziyat chekkan.

“Sodir bo‘lgan voqea sabab shahar rasmiylari bolalarni koronavirusga qarshi emlashni yetti kun muddatga to‘xtatish bo‘yicha qaror qabul qilgan. Bu vaqt davomida COVID-19 ga qarshi emlagan shu yoshdagi 46 nafar bola kuzatuvda bo‘ladi. Kattalar va o‘smirlarni emlash ishlari odatdagi tartibda davom etadi. Vaksinatsiya jarayonlari qayta tiklanishini kutmasdan farzandini baribir emlashni istaganlar ro‘yxatga oldindan yozilib qo‘yishlari mumkin”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 16 dekabr kuni Braziliyaning Milliy sanitariya nazorati agentligi Amerikaning Pfizer va Germaniyaning BioNTech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan koronavirusga qarshi vaksinani 5 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan bolalarda ham qo‘llashni ma’qullagan. Dori vositasining bolalar uchun mo‘ljallangan “Comirnaty” partiyasi 13 yanvar kuni yetkazib berilgan, shu bilan birga, 12 yoshdan kattalar Pfizer’ning oddiy vaksinasi bilan emlanmoqda. Braziliya Sog‘liqni saqlash vazirligi bolalarni emlashdan oldin jamoatchilik muhokamasini o‘tkazgan va 5 yanvardan boshlab 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarni milliy immunizatsiya rejasiga kiritish bo‘yicha qarorini e’lon qilgan.

Braziliya Sog‘liqni saqlash vaziriligi tavsiyasiga ko‘ra, vaksinaning birinchi va ikkinchi dozasi orasidagi muddat ishlab chiqaruvchi aytganidek uch hafta emas, balki sakkiz hafta bo‘lishi kerak. Bu miokardit kabi salbiy oqibatlar yuzaga kelish xavfini kamaytirishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2021 yilning 28 sentyabridan Bosh davlat sanitariya vrachi va milliy texnik immunologik ekspert komissiyasining qaroriga asosan, mamlakatda ota-onalar va vasiylarining roziligi asosida, ixtiyoriy ravishda 12 yoshdan katta bolalarni Pfizer vaksinasi bilan emlash yo‘lga qo‘yilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

55

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing