Braziliya ketma-ket ikkinchi bor Olimpiada chempionligini qo‘lga kiritdi

Sport

image

Bugun, 7 avgust kuni Tokio Olimpiadasining futbol bahslari o‘z nihoyasiga yetdi. Finalda Braziliya va Ispaniya terma jamoalari o‘zaro to‘qnash kelishdi va yakunda “pentakampeonlar” g‘alaba qozondi. Ekstra-taymlarga qadar davom etgan o‘yin 2:1 hisobida yakunlandi.

Uchrashuvning 38-daqiqasida Ispaniya darvozasi tomon penalti belgilandi, lekin Risharlison darvozani aniq nishonga ola bilmadi. Birinchi bo‘lim yakunida Braziliya hisobda oldinga chiqib oldi. Dani Alveshning uzatmasidan so‘ng, Mateus Kunya Unai Simon darvozasini ishg‘ol etdi.

Ikkinchi bo‘lim dastlabki daqiqalaridanoq Ispaniya bosimni oshirdi. 61-daqiqada Mikel Oyarsabal Karlos Solerning uzatmasini golga aylantirib, o‘rtadagi muvozanatni tikladi. O‘yin yakuniga qadar darvozalarga top kiritilmadi va jamoalar qo‘shimcha bo‘limlarga yo‘l oldi.

108-daqiqada Braziliya g‘alaba golini urishga muvaffaq bo‘ldi. Uning muallifi Malkom chap qanotdan katta tezlikda jarima maydonchasiga yorib kirdi va darvozabonni ojiz qoldirdi — 2:1. Shu tariqa, uchrashuvda “top sehrgarlari” g‘alaba qozonib, ketma-ket ikkinchi bor Olimpiada oltin medalini qo‘lga kiritdi.

Uchinchi o‘rin Meksika futbolchilariga nasib etdi.

Ayollar o‘rtasidagi bellashuvlarda Kanada terma jamoasi Shvetsiyani penaltilar seriyasida mag‘lub etdi va Olimpiya o‘yinlari oltin medaliga sazovor bo‘ldi. Uchinchi o‘rindan AQSH futbolchilari joy oldi.


Maqola muallifi

Teglar

Futbol Braziliya Tokio-2020 Meksika Ispaniya Risharlison

Baholaganlar

59

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing