Braziliya Embraer 190 “qora quti”sini dekodlashni yakunladi

Olam

image

Braziliya Harbiy havo kuchlari (FAB) Qozog‘istonda halokatga uchragan Embraer 190 samolyotining ikki “qora quti”si bo‘yicha tahlillar yakunlanganini e’lon qildi. Bu haqda “Globo” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, ushbu materiallar Braziliyaning uch nafar tergovchisi, shuningdek, Ozarbayjon va Rossiya agentlari tomonidan tahlil qilingan. Mazkur ma’lumotlar halokatni tahlil qilish va tergov qilish uchun mas’ul bo‘lgan Qozog‘istonning aviatsiya halokatlarini tergov qilish bo‘yicha vakolatli idorasiga yuborilgan. Bu ma’lumotlar voqea bo‘yicha yakuniy hisobotda e’lon qilinishi kutilmoqda.

Oldinroq, Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari Qanat Bozumbayev “qora quti”lardagi ma’lumotlarni o‘qib chiqish uchun taxminan ikki hafta kerak bo‘lishini aytgan. Bu ma’lumotlar tergov jarayonida hal qiluvchi rol o‘ynashi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonda halokatga uchragan Embraer samolyotining “qora quti”lari tahlil qilish uchun Braziliyaga yetkazilgani xabar qilingan edi.

Embraer 190 samolyotining qulashi

25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Baku-Grozniy yo‘nalishidagi samolyoti halokatga uchradi. Samolyotda 62 nafar yo‘lovchi va besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot qulashida 38 kishi halok bo‘ldi, 29 kishi omon qoldi. 

Dastlab samolyotning halokatiga qushlar galasi bilan to‘qnashib ketgani sabab bo‘lgani aytilgan edi. Keyinroq “Euronews” Ozarbayjon hukumatidagi manbalariga tayanib, ushbu aviahalokat Rossiya tomonidan uchirilgan yer-havo sinfidagi raketa tufayli sodir bo‘lganini e’lon qildi. Shuningdek, AZAL Embraer 190 samolyoti halokatining dastlabki sababi sifatida tashqi jismoniy va texnik ta’sirlarni ko‘rsatdi.

Ozarbayjonning Raqamli rivojlanish va transport vaziri Rashod Nabiyev ham samolyot halokatiga “tashqi aralashuv” sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. AQSH ham laynerning qulashida Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimlarining ta’sirini ta’kidlamoqda.

Ozarbayjon parlamenti deputati Rasim Musabekov Rossiya tomoni Azerbaijan Airlines fuqarolik samolyotini havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirgani uchun uzr so‘rashi kerakligini aytdi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Kreml halokatga baho berishni tergov yakunlariga qadar noto‘g‘ri deb bilishini va vaziyatga izoh bermasligini bildirdi. Checheniston hukumati esa Ramzan Qodirovning topshirig‘i bilan Baku-Grozniy yo‘nalishidagi AZAL aviakompaniyasiga tegishli samolyot halokati oqibatida vafot etgan va jabrlanganlarning oilalariga moliyaviy va boshqa yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Lekin Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning ma’muriyati hech qanday yordamga muhtoj emasligini va bunday yordamni qabul qilmasligini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Braziliya Embraer 190 qora quti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing