BP tasvirchi kaltaklangani bo‘yicha tekshiruv boshladi

Jamiyat

image

Bosh prokuratura O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Toshkent shahridagi “Paxtakor” stadioni atrofida ommaviy axborot vositalari xodimlari kaltaklanishi, ularning faoliyatiga ko‘rsatilgan to‘sqinlik holatlarini o‘rganib, huquqiy baho berish xususidagi so‘rovini o‘rganib chiqmoqda. Bu haqda BP Matbuot xizmati ma’lum qildi.

“Prokuratura tomonidan ushbu yuzaga kelgan holat vakolat doirasida o‘rganib chiqiladi va ishtirokchilar harakatlariga huquqiy baho beriladi. Qonunbuzilishi holatlari aniqlangan taqdirda, aybdorlarga qonun doirasida choralar ko‘rilishi ta’minlanadi”, deyiladi munosabatda.

Munosabatda O‘zbekiston Respublikasining “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 10-moddasida davlat jurnalistga axborotni erkin olishini va tarqatishini kafolatlashi, o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirishda uning himoya qilinishini ta’minlashi lozimligi, 14-moddada esa jurnalistning ushbu huquqlarini buzganlik, uning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga tahdid, zo‘ravonlik yoki tajovuz qilganlik qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilangani eslatib o‘tilgan.

Eslatib o‘tamiz, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi joriy yilning 11 iyun kuni Toshkent shahridagi “Paxtakor” stadionida futbol bo‘yicha U-23 Osiyo kubogi chorak finali doirasida O‘zbekiston – Iroq o‘yinini yoritishga borgan “Sevimli” telekanali muxbiri va tasvirchisiga Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan kuch ishlatilgani, kamerasi tortib olingani haqidagi xabarlar yuzasidan Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuraturasi hamda Milliy gvardiyasiga so‘rov yuborgandi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 11 iyun kuni “Sevimli” telekanali “Zamon” dasturi tasvirchisi T.Ibrohimov jurnalist bilan O‘zbekiston-Iroq o‘yinini yoritish uchun “Paxtakor” stadioniga borganida do‘pposlangan. Unga shifoxonada jag‘-tish sinishi tashxisi qo‘yilgan. Jurnalist va tasvirchining o‘zi do‘pposlaganlar Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlari ekanini aytmoqda. IIV esa operator odamlar o‘rtasidagi janjalda kaltak yeganini ma’lum qildi, biroq aynan kim urganiga aniqlik kiritmadi. Shu bilan birga vazirlik bezorilik sodir etgan fuqarolarni aniqlash ishlarini boshlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

85

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing