BP Nukusda ommani mitingga chaqirgan shaxs ismini ochiqladi

Olam

image
0:00
0:00
download

Qoraqallpog‘istonlik jurnalist va bloger Dauletmurat Tajimuratov Telyegram’dagi kanali orqali videomurojaat yo‘llab, unda fuqarolarni “Qoraqalpog‘iston Respublikasining ozodligini so‘rab” Jo‘qorg‘i Kenges binosi oldida miting o‘tkazishga da’vat qilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi joriy yilning 1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar ortidan o‘tkazilayotgan tergov-tezkor natijalariga ko‘ra bayonotda ma’lum qildi. 

Tergovda aniqlanishicha, 2022 yil 1 iyul kuni soat 14:50 larda “Yel xizmetinde” gazetasi muharriri va bloger Dauletmurat Tajimuratov Telyegram ijtimoiy tarmog‘ining Makan.uz kanali orqali videomurojaat yo‘llab, videomurojaatida fuqarolarni joriy yilning 1 iyul kuni soat 17:00 da “Qoraqalpog‘iston Respublikasining ozodligini so‘rab” Jo‘qorg‘i Kenges binosi oldida miting o‘tkazishga da’vat qilgan.

Shundan keyin ijtimoiy tarmoqlar orqali qonunga xilof ravishda miting uyushtirishga fuqarolarni da’vat qilganligi uchun 2022 yil 1 iyul kuni soat 15:30 larda Dauletmurat Tajimuratov Nukus shahar IIO FMBga olib kelingan va ushlangan.

“Bloger Dauletmurat Tajimuratovning IIB xodimlari tomonidan ushlaganini bilgan bir guruh shaxslar tartibsizliklar uyushtirib, uni ozod qilishni talab qilib Nukus shahridagi IIVga qarashli 2-sonli tergov hibsxonasiga va Nukus shahar IIO FMBga borishgan, keyinchalik 2022 yil 1 iyul kuni soat 17:30 larda Nukus shahri markazidagi "Markaziy dehqon bozori” MCHJ oldidagi avtomobil yo‘lida tartibsizliklar uyushtirishgan.

Shundan keyin Dauletmurat Tajimuratov Nukus shahar IIO va FMBdan ozod qilinib, chiqarib yuborilgan bo‘lsa-da, Dauletmurat Tajimuratov va uning tarafdorlari tartibsizliklarni yana davom ettirib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatib, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirishga va hokimiyatni bosib olishga ochiqdan-ochiq da’vat qilishgan. 

Shundan so‘ng, 2022 yil 2 iyul kuni soat 14:45 da Nukus tumanidan taxminan 300 nafar shaxs Nukus shahar tomon harakatlanib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, Nukus shahridagi blok postda xizmat olib borayotgan 50 nafar Milliy Gvardiya xodimining maxsus vositalarini (ratsiya, dubinka, kaska, shumovaya granata, it) qo‘lga kiritgan”, deydi Bosh prokuratura vakili. 

Shu kuni Xo‘jayli tumanidagi harbiy postga noma’lum shaxslar tomonidan xujum uyushtirilib, qurol-yarog‘ tortib olingan, “Nukus xalqaro aeroporti”ga, Nukus shahridagi ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar saqlanuvchi Reabilitatsiya markaziga, Nukus shahar IIB binosiga hujumlar uyushtirilgan.

Ommaviy tartibsizliklar davomida Nukus shahridagi “Las Vegas” kafesi yonida davlat raqami 40 L 340 QA bo‘lgan MAN rusumli yuk transport vositasi, “Eski shahar”dagi markaziy masjid oldida davlat raqami 01 267 UFA bo‘lgan “KamAZ” rusumli yuk transport vositasi, Shumanay tumanidagi “Ismoilov Jabborbergen” fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan vagon yoqib yuborilgan.

Nukus shahar Sport kompleksi yonidagi “Do‘stlik” kanali ko‘prigiga, Nukus shahridagi ko‘plab bino-inshootlar va yo‘l to‘siqlariga ham ko‘plab talafotlar yetkazilgan.

Ommaviy tartibsizliklar oqibatida hozirga qadar aniqlangan holatlarga ko‘ra, jami 243 nafar shaxsga, jumladan 38 nafar huquq-tartibot organlari xodimiga turli darajadagi tan jarohatlari yetkazilgan. Og‘ir tan jarohatlari tufayli 18 nafar fuqaro vafot etgan.

Tergov va tezkor-qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

3540

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing